IT Park Uzbekistan va Odoo ERP tizimlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishga tushirishni muhokama qildi

Dubayga biznes tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan vakillari global miqyosda ERP-yechimlarining yetakchi ishlab chiquvchilaridan biri bo‘lgan “Odoo” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda “Odoo” tomonidan Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rahbar Erik Kononov, ta’lim dasturlari menejeri Kevin Daniel Fara va katta biznes-maslahatchisi Ilya Aratskiy ishtirok etdi. IT Park vakillari sifatida marketing va reklama bo‘limi boshlig‘i Alisher Ubaydullayev hamda MDH, MENA va Turkiya yo‘nalishlari bo‘yicha bosh menejer Abdurahmon Karimberdiyev ishtirok etishdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonda ERP-ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘ldi. Xususan, tomonlar IT Park negizida “Odoo” ta’lim platformasini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Mahalliy o‘qituvchilarga ta’lim berish va sertifikatlash, seminarlar, vebinarlar o‘tkazish hamda bitiruvchilarni amaliy tayyorlash va ishga joylashtirish bilan karyera yo‘nalishlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, biznesni raqamli transformatsiya qilish sohasida kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari va ta’lim forumlari kabi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.

“Odoo” O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirmoqda va mintaqaga qo‘shimcha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. So‘nggi ikki yil ichida “Odoo” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirib keldi, jadal o‘sishni namoyish etdi va mahalliy korxonalarning raqamli transformatsiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Zamonaviy ERP-yechimlarini joriy etish orqali “Odoo” kompaniyalarga samaradorlikni oshirish, o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratish va kasbiy bilimlarni mustahkamlash imkonini bermoqda.

Kompaniya O‘zbekistonga sarmoya kiritishni davom ettirish, jumladan, mahalliy sheriklik tarmog‘ini rivojlantirish, hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, mamlakatning ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni mustahkamlash rejalarini tasdiqladi. IT Park bilan hamkorlik mintaqada raqamli boshqaruv, IT-ta’lim va innovatsion rivojlanishning barqaror ekotizimini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

“Odoo” kompaniyasi bilan hamkorlik ERP va raqamli biznes boshqaruvi sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. IT Park global yechimlarni O‘zbekistonning ta’lim va texnologiyalar ekotizimiga integratsiya qilishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda.

2025-05-12