IT Park Uzbekistan va Ori Group qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda

Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “Ori Group” direktorlar kengashi raisi Feng Qian boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Xitoy delegatsiyasi tarkibidan xalqaro aloqalar departamenti rahbari Samanta Lu va “PROART” direktori Javlon Kamalov ham o‘rin olgan. Tomonlar raqamli va o‘yin loyihalarini ishga tushirish, ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonga Xitoy texnologiyalari va investitsiyalarini jalb etish masalalarini muhokama qildilar.

Ori Group — 2006-yilda asos solingan Xitoyning kreativ sanoat sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri. Kompaniya ekotizimi animatsiya, kino va televideniye, o‘yin sanoati va kibersport, shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlari, madaniy merosni saqlash loyihalari, moda va madaniy turizmni qamrab oladi. Bugungi kunda “Ori Group” dunyoning 70 dan ortiq mamlakati bilan hamkorlik qilib, barqaror xalqaro sheriklik aloqalarini o‘rnatmoqda va global tarmoq tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

2024-yilda kompaniya Saudiya Arabistonida 100 million dollar investitsiya bilan o‘yin platformasi va ekotizimini ishga tushirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Uch yil ichida jamoani 300 nafar mutaxassisga kengaytirish va besh yil ichida 1 milliard dollar daromad olish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, “Ori Group” BAAda infratuzilmani rivojlantirishga 200 million dollar sarmoya kiritdi, har yili 60 million dollarlik o‘yin kontentini eksport qiladi, Yaqin Sharq mintaqasidagi hamkorlar bilan madaniy va ta’lim loyihalarini amalga oshiradi hamda Afrikada tashabbuslarni rivojlantirib, global miqyosda raqamli madaniy sanoatni ilgari surmoqda.

Uchrashuv doirasida ta’lim sohasi muhokamalarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Tomonlar yangi ta’lim tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qisqa muddatli intensiv kurslarni rivojlantirish, IT, animatsiya va o‘yin ishlab chiqish sohalarida tajriba almashish va amaliyot o‘tash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

IT Park vakillari, shuningdek, kompaniya faoliyati va alohida yo‘nalish — o‘yin ishlab chiqish sohasidagi loyihalarni taqdim etishdi. Xitoylik hamkorlar O‘zbekistonda kompaniyalar ochish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi. Xususan, ularni infratuzilma va biznes yuritish uchun sharoitlar, xodimlarni ishga qabul qilish jarayoni, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, shuningdek, iste’dodlarni jalb qilish mexanizmlari qiziqtirdi.

Kompaniya, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan mahalliy o‘yinlarga qiziqish bildirib, MENA mintaqasidan boshlab ushbu o‘yinlarni global bozorga olib chiqishda yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.

IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova mavjud imkoniyatlar, jumladan, “One Stop Shop” xizmati, “IT-Visa” dasturi va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bundan tashqari, IT-ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Ofislar ochish va o‘yin ishlab chiqish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi uchrashuvning alohida mavzusi bo‘ldi.

“Ori Group “bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning kreativ iqtisodiyot va o‘yin sanoatidagi mavqeini mustahkamlaydi, keng xalqaro hamkorlar tarmog‘iga kirish imkonini beradi, qo‘shma dasturlar orqali kadrlar tayyorlashni tezlashtiradi va kreativ IT-xizmatlar eksportini oshiradi.

2025-09-09