IT Park Uzbekistan va Plug and Play Tech Center strategik hamkorlik memorandumini imzoladilar

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan “Plug and Play Tech Center” global innovatsion platformasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov va IT Park Uzbekistanning startaplar va investitsiyalar bo‘yicha direktori Elyor Maksudov boshchilik qildi. “Plug and Play Tech Center” tomonidan “Plug and Play GOAL” jamoasidan Amir Amid Xozour, Rizo Bahadi, Anastasiya Brovkina va Yui Koda ishtirok etdi. Kelishuv doirasida tomonlar hamkorlikni uch yilga uzaytirish, qo‘shma akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldilar.

Plug and Play Tech Center — dunyodagi eng yirik ochiq innovatsiya platformalaridan biri hisoblanadi. Uning ekotizimi 100 000 dan ortiq startap va 600 ta korporativ hamkorni birlashtiradi, butun dunyo bo‘ylab 65 dan ortiq ofis va 880 nafardan ortiq xodimga ega. Kompaniya har yili 250 ta startapga sarmoya kiritadi va uning portfelida 35 dan ortiq “yakkashox” kompaniya mavjud. Faqatgina 2024-yilning o‘zida “Plug and Play” turli mamlakatlarda 2200 dan ortiq startapning rivojlanishini tezlashtirdi.

Uchrashuvda “Plug and Play Tech Center” vakillari sun’iy intellekt texnologiyalari bilan ishlash uchun kompaniyalar, universitetlar va davlat tuzilmalarini birlashtiruvchi “AI Center of Excellence” loyihasining rivojlanishi haqida so‘zlab berishdi. Tomonlar qo‘shma akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislarni o‘qitish va xalqaro investorlar hamda hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda yangi loyihalarni yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Memorandumning imzolanishi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. IT Park Uzbekistan uchun bu hujjat innovatsiyalar va investitsiyalarning global tarmog‘iga kirish, shuningdek, mamlakatning startap ekotizimini yanada tezroq rivojlantirish va uning jahon texnologiyalar xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash imkoniyatini anglatadi.

2025-09-19