IT Park Uzbekistan va SpiderLinked: strategik hamkorlik sari qadamlar

IT Park Uzbekistan vakillari “SpiderLinked” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ruminiyaning IT-kompaniyasi IT Park Uzbekistan bilan strategik hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishi — ishlab chiqarish markazini tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekiston bozorida yangi mutaxassislarni tayyorlash hamda ularni keyinchalik ish bilan ta’minlashdir.

Bu nima uchun muhim?

2021-yilda Ruminiyaning Brashov shahrida tashkil etilgan “SpiderLinked” kompaniyasi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, tizim integratsiyasi, texnologiyalarni joriy etish va individual IT-yechimlarni yaratishga ixtisoslashgan.

Asosiy kelishuvlar

Hamkorlikni muhokama qilish doirasida tomonlar uchta asosiy yo‘nalishni belgiladilar: ta’lim tashabbuslari, O‘zbekistonda ishlab chiqarish markazini tashkil etish va sun’iy intellekt mahsulotlarini mahalliy bozorga joriy etish. Bundan tashqari, “SpiderLinked” IT Park rezidenti maqomini olishga qiziqish bildirdi va yaqin kelajakda rezidentlikka ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

IT Park Uzbekistan va “SpiderLinked” o‘rtasidagi potensial hamkorlik har ikki tomon uchun yangi istiqbollarni ochadi. IT Park Uzbekistan uchun bu xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlash, hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish va o‘zbek IT-kompaniyalarining Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishini osonlashtirish imkoniyatidir. Yevropada vakolatxonaning tashkil etilishi IT Park rezidentlariga yangi investitsiyalar jalb qilish, xalqaro mijozlar bilan hamkorlik qilish va istiqbolli ta’lim dasturlaridan foydalanish imkonini beradi.

2025-03-19