IT Park Uzbekistan va Ummon delegatsiyasi IT va energetika sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi

IT Park Uzbekistan vakillari yetakchi IT va energetika kompaniyalarini o‘z ichiga olgan Ummon delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Raqamli texnologiyalar va “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda “Rihal Data Migration & Services” kompaniyasi ofisini ochish va ma’lumotlar markazlarini qurish rejalari to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

Ummon delegatsiyasi tarkibidan “AB Energy” asoschisi va bosh direktori Abdulla al Saidiy, “Rihal Data Migration & Services” hammuassisi va bosh direktori Azzan al Kindiy, “AAA EuroAngar” boshqaruvchisi Pulatov Shavkat Rajabovich hamda “Godoba.com” bosh direktori Raad al Abri o‘rin oldi.

AB Energy (Ummon) — qayta tiklanadigan energiya va energiya samaradorligi sohasidagi yechimlarga ixtisoslashgan kompaniya. Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari issiqlik energiyasini to‘plash, ko‘chma quyosh yechimlari, avtonom mikrotarmoqlar va korporativ hamda davlat mijozlari uchun raqamli energiya boshqaruvini o‘z ichiga oladi.

Rihal Data Migration & Services (Ummon) — ma’lumotlarni boshqarish, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohasidagi mamlakatning yetakchi kompaniyalaridan biri. U ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, qayta ishlash va vizualizatsiya qilish, shuningdek, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yechimlarni taklif etadi. Mijozlari orasida “Bank Muscat”, “Omantel”, “Petroleum Development Oman” va “OQ” tashkilotlari mavjud. Kompaniyada 270 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi.

AAA EuroAngar (Rossiya) — metall konstruksiyalar asosida tez quriladigan inshootlar ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari qishloq xo‘jaligi obyektlari, ishlab chiqarish va omborxona binolari, savdo markazlari, sport va ma’muriy binolar qurilishi uchun qo‘llaniladi. Asosiy buyurtmachilar — agroxoldinglar, logistika kompaniyalari va davlat quruvchilari.

Godoba.com (Ummon) — Fors ko‘rfazi mamlakatlarida korporativ sayohatlar uchun B2B-platforma. Xizmat parvozlar, mehmonxonalar, vizalar, sug‘urta, avtomobil ijarasi va guruhli sayohatlarni tashkil etishni yagona tizimga birlashtiradi. Mijozlari BAA, Qatar va Saudiya Arabistonidan 200 dan ortiq korporativ buyurtmachilarni o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar davomida AKT va energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. “Rihal Data Migration & Services” kompaniyasi yaqin kelajakda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlash rejalarini e’lon qildi: birinchi bosqichda 10 nafar xodim yollanishi, keyinchalik esa xodimlar soni 75 nafarga yetkazilishi mo‘ljallangan. Bundan tashqari, kompaniya butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat ko‘rsatish uchun 8-10 megavatt quvvatga ega ma’lumot markazlari qurilishiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, delegatsiya Ummonda IT Park vakolatxonasini ochish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi va mamlakat bozoriga kirayotgan o‘zbek startaplari uchun “soft-landing” dasturlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Ummon kompaniyalari O‘zbekistondagi “ICT Week” tadbirida ishtirok etishini tasdiqladi va muzokaralarni “Comex” ko‘rgazmasida davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Erishilgan kelishuvlar investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni ishga tushirish orqali O‘zbekiston IT-kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadi. Bu esa IT-sohasining eksport salohiyatini oshiradi, O‘zbekistonning xalqaro texno-autsorsing uchun jozibador maydon sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va mamlakatni raqamli innovatsiyalarning mintaqaviy markaziga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

2025-09-03