IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov rahbarligida “World Business Angels Investment Forum” (WBAF) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda farishta investitsiyalarni rivojlantirish va O‘zbekiston startap ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar muhokama etildi. Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, jumladan, investorlar uchun ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, farishta investorlarni sertifikatlash va O‘zbekistonni global investitsiya hamjamiyatiga integratsiyalashuvini ko‘rib chiqdilar.
Bu nima uchun muhim?
“World Business Angels Investment Forum” (WBAF) - G20 ning moliyaviy inklyuziya bo‘yicha hamkori bo‘lgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. U startapdan bozorga kirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda biznes uchun moliyalashtirishdan foydalanishga ko‘maklashadi. WBAF iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida startaplar hamda kichik va o‘rta korxonalar uchun innovatsion moliyaviy vositalarni yaratish ustida ish olib bormoqda. Forum biznes, siyosat va akademik doiralar yetakchilari bilan hamkorlikda, jamiyat manfaatlari yo‘lida global kun tartibini shakllantirish uchun davlat va xususiy institutlarni birlashtiradi.
Asosiy kelishuvlar
Tomonlar O‘zbekistonda farishta investorlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim platformasini ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ushbu tashabbus IT Park Uzbekistan va “World Business Angel Investment Forum” (WBAF) o‘rtasidagi hamkorlikda amalga oshiriladi va mamlakatda investitsiya madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Dastur kurslar, mentorlik sessiyalari va tajriba almashish tadbirlarini o‘z ichiga olishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu investorlarning professional hamjamiyatini shakllantirishga zamin yaratadi. O‘quv jarayoni xalqaro standartlar va ilg‘or jahon tajribasini inobatga olgan holda tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Farishtali investorlarni sertifikatlash dasturini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Sertifikatlar ishtirokchilarga o‘z nufuzini oshirish, mas’uliyatli investitsiya strategiyalarini qo‘llash va xalqaro miqyosda e’tirof etilish imkonini beradi. WBAF sertifikatlashtirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatadi va tavsiyalar beradi.
Shuningdek, IT Park vakillari WBAF raisi Baybars Altuntashni 2025-yil 23-25-iyun kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan BMT Davlat xizmatlari forumi doirasidagi IT Park konferensiyasida ishtirok etishga taklif etishdi. Venchur investitsiyalari sohasida chuqur tajribaga ega bo‘lgan Baybars Altuntashning ishtiroki innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda venchur kapitalining strategik rolini ta’kidlaydi.
Keyingi qadamlar
Tomonlar “Farishta investorlar maktabi”ni ishga tushirish bo‘yicha batafsil yo‘l xaritasini ishlab chiqish, investorlarni sertifikatlash dasturi uchun metodologiya va standartlarni tayyorlashga kelishib oldilar. Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, yaqin kelajakda navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishni rejalashtirdilar.
IT Park Uzbekistan investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va IT-startaplarni global bozorga olib chiqish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.
2025-03-28