IT Park Uzbekistan va Xitoy–SHHT markazi tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

IT Park Capital” direktori Jahongir Kagirov Xitoy-SHHT ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik markazi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga markaz direktor o‘rinbosari Lyu Xunchji boshchilik qildi. Tomonlar ilm-fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashdilar.

Xitoy–SHHT ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik markazi Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Markaz texnologiyalar almashinuvini, universitetlar va kompaniyalar hamkorligini, shuningdek, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari park faoliyati, uning ekotizimi, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va loyihalari haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, IT Park xalqaro hamkorlar, jumladan, Xitoy texnologiya markazlari va universitetlari bilan birgalikda tadqiqot va R&D-loyihalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Xitoy–SHHT markazi vakillari Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida ilmiy va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish, shuningdek, universitetlar va kompaniyalar o‘rtasida texnologik almashinuv va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatlari haqida so‘zlab berdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar innovatsiyalar, ta’lim va raqamli rivojlanish sohalarida muloqotni davom ettirish va sheriklikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar.

IT Park Uzbekistan uchun Xitoy–SHHT markazi bilan hamkorlik tadqiqot loyihalarini rivojlantirish, tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. IT Park qo‘shma tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi va Xitoy tomoni bilan hamkorlik xalqaro aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston IT-sanoatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishiga umid qilmoqda.

2025-11-14