IT Park Uzbekistan Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) vakillari bilan samarali uchrashuv oʻtkazib, IT sohasidagi strategik hamkorlikka eʼtibor qaratdi. Uchrashuvga IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktori Mahliyo Muksinova rahbarlik qildi.
Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) Yaponiya va boshqa mamlakatlar oʻrtasida savdo va investitsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan davlat tashkilotidir. U biznesni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, jumladan bozor tadqiqotlarini oʻtkazadi, xalqaro miqyosda sheriklik aloqalarini oʻrnatishga va investitsiya imkoniyatlarini yaratishga koʻmaklashadi.
Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan oʻz infratuzilmasining afzalliklari va texnologik kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash choralarini taʼkidlab, IT sohasidagi yutuqlari va dasturlarini taqdim etdi. IT Parkʼning Yaponiya kompaniyalari uchun afzalliklari, jumladan raqobatbardosh soliq shartlari, yuqori malakali kadrlar salohiyati va IT Parkʼning asosiy mintaqaviy IT-markaz sifatidagi oʻrni muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston startap ekotizimining innovatsiyalarni rivojlantirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlari ham koʻrsatib oʻtildi.
“JETRO” vakillari, jumladan Toshkentdagi ofis bosh direktori Yuta Ichinose va biznesni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy koordinator Naima Turaxanova, Yaponiya kompaniyalari va Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan IT sohasi oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Muzokaralar doirasida Oʻzbekistonda “JETRO” ofisini ochish masalasi koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, tashkilot vakillari kelgusi yilning birinchi choragida Oʻzbekiston salohiyatini faol targʻib qilish va Yaponiya IT-kompaniyalarining biznes missiyasini tashkil etish niyatlarini tasdiqladilar.
Tomonlar hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini ishlab chiqishga, jumladan startap dasturlarini rivojlantirish, tajriba almashish va IT Park Uzbekistanʼga Yaponiya kompaniyalarini jalb qilishga kelishib oldilar.
Ushbu uchrashuv IT Park Uzbekistanʼning innovatsiyalarni ragʻbatlantiruvchi, xalqaro investitsiyalarni jalb qiluvchi va Oʻzbekistonning jahon IT-ekotizimidagi oʻrnini mustahkamlovchi global hamkorlikni yaratishga intilishini yaqqol namoyon etdi.
2024-11-18