IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova “DAAC System Integrator” (Moldova) bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat keng qamrovli hamkorlikni, xususan, rezident kompaniyalarning Ruminiya, Bolgariya va Moldova bozorlariga chiqishi bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Memorandum imzolanishi bilan bir vaqtda “Local2Global” tashabbusi doirasida o‘zbek IT-mahsulotlarini Yevropa loyihalariga integratsiyalash bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv o‘tkazildi.
Memorandumning asosiy yo‘nalishlari
Tomonlar O‘zbekiston IT-yechimlarining Yevropadagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldilar. Hamkorlik doirasida IT Park va “DAAC” o‘z brendlarini xalqaro bozorlarda birgalikda targ‘ib qilib, IT Park rezidentlarining tadbirkorlik faolligini oshirish maqsadida qulay sharoitlar yaratadi. Kompaniyalarning “DAAC” sheriklik tarmog‘i orqali Yevropaga, jumladan, Ruminiya, Bolgariya va Moldovaning asosiy bozorlariga chiqishida ekspert yordamiga alohida e’tibor qaratildi.
Operatsion hamkorlik o‘z mahsulotlarini ilgari surish uchun “DAAC Digital” va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishni, shuningdek, o‘zaro tashriflarni tashkil etish va raqamli transformatsiya bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashishni ko‘zda tutadi. Ta’sirni kuchaytirish maqsadida Yevropa va boshqa mintaqalarda qo‘shma tadbirlar — konferensiyalar, forumlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ularda O‘zbekiston innovatsiyalari taqdim etiladi.
Kelishuvning muhim qismi tahliliy va statistik ma’lumotlar almashinuvi bo‘ldi: tomonlar bir-birlariga IT-bozorlar segmentlari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadilar, bu esa xalqaro maydonga chiqish strategiyalarini optimallashtirish va dolzarb bozor tendensiyalari asosida qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Biznes va davlat sektorini raqamli transformatsiya qilishda 30 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan “DAAC System Integrator” Ruminiya, Bolgariya va Moldovadagi IT Park rezidentlari uchun asosiy hamkorga aylanadi. Uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekiston IT-mahsulotlarini Yevropa loyihalariga integratsiyalash bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda rezidentlarning quyidagi mahsulotlari namoyish etildi:
“DAAC System Integrator” bilan memorandum imzolanishi O‘zbekiston IT-yechimlari eksportida yangi bosqichni boshlab beradi. Ushbu hamkorlik nafaqat O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi IT-hab sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi, balki IT Park rezidentlariga global miqyosda raqobatlashish imkonini beradi. “DAAC” bilan hamkorlik davlat sektori, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida innovatsiyalarni joriy etish uchun turtki bo‘ladi, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytiradi.
2025-04-29