IT Park va Dubai Chamber startap sohasidagi loyihalarni ishga tushiradi

31-yanvar kuni “Dubai Chamber” Dubay Savdo-sanoat palatasi  delegatsiyasi IT Parkʼga tashrif buyurdi.

Tashrifning maqsadi tashkilot faoliyati bilan tanishish va tomonlar ortasida hamkorlik aloqalarini ornatishdan iborat edi.

Delegatsiya tarkibiga quyidagilar kirdi: xalqaro aloqalar boʻyicha katta menejer Sumayya Al Shamsi, protokol va logistika boʻyicha katta menejer Omran Al Bakri, Ozarbayjondagi Dubay Savdo-sanoat palatasi rahbari Sanan Nasibli va loyiha rahbari Rana Mohammed.

Mehmonlarni taʼlimni rivojlantirish boʻyicha direktor oʻrinbosari Maxliyo Muksinova, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va IT Park startap ekotizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Kagirov kutib oldilar. Uchrashuv davomida IT Park vakillari xorijlik hamkasblariga hukumat tomonidan mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirib berishdi. Shuningdek, mehmonlarga soliq imtiyozlari va preferensiyalari haqida so‘zlab berildi.

“Dubai Chamber” Dubay Savdo-sanoat palatasi vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda IT sohasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidladilar. Ular xalqaro loyihalar bo‘yicha rejalar bilan boʻlishdilar hamda IT Parkʼning axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston va BAA xususiy sektorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etishiga qiziqish bildirdilar.

Oʻz navbatida, IT Park Dubai Chamber bilan IT-startaplar va IT-taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni tashkil etish, shuningdek, BAA va Oʻzbekiston bozorlariga chiqishdan manfaatdor boʻlgan xususiy IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha taklifini taqdim etdi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik va muayyan loyihalarni kengaytirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

2023-02-02