IT Park va OTB mintaqaviy IT-infratuzilmasini rivojlantirish va milliy startap ekotizimini yaratish masalalarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. OTB delegatsiyasiga OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Mirzo Iskandar G‘ulomov boshchilik qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar mintaqaviy IT-infratuzilmasini rivojlantirish va milliy startap ekotizimini yaratish bo‘yicha loyihani ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) — 1966-yilda tashkil etilgan 68 ta a’zo davlatni birlashtirgan xalqaro moliya tashkiloti. Bankning asosiy vazifasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. OTB qarorgohi Manila shahrida (Filippin) joylashgan bo‘lib, bankning yillik loyihalarini moliyalashtirish hajmi 20 milliard dollardan oshadi.

Muloqot davomida tomonlar mintaqaviy IT-infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Mamlakatning beshta hududida — Xorazm, Buxoro, Toshkent viloyati, Andijon va Jizzaxda yangi IT-hablar va kampuslarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Har bir kampus IT-kompaniyalar va startaplar uchun ofis maydonlari, kovorking, o‘quv xonalari va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan zamonaviy markazga aylanadi.

Bundan tashqari, tomonlar institutsional va tartibga solish platformasini yaratishni nazarda tutuvchi “Enterprise Uzbekistan” tashabbusini muhokama qildilar. U fintech va boshqa yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun “Tech Sandbox”, shuningdek, ariza topshirish uchun onlayn portalni o‘z ichiga oladi. Platforma doirasida raqamli adliya va nizolarni hal qilish xizmatlarini, shuningdek, texnologiyalar va huquq sohalarida konsalting xizmatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun milliy startap ekotizimini va raqamli platformani shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. IT Park OTB bilan hamkorlikda har bir yo‘nalishni batafsil ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi: keyingi qadamlarni belgilash, tadbirlarni rejalashtirish va oldingi loyihalarning muvaffaqiyatli tajribasidan amalga oshirish uchun asos sifatida foydalanish.

OTB bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga hududlarda o‘z faoliyatini kengaytirish, milliy startap ekotizimini mustahkamlash va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining xalqaro bozorga integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratish imkonini beradi.

2025-08-20