15-noyabr kuni IT Park ofisiga USAIDʼning Iqtisodiy oʻsish va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi direktori Keyl Pedjitt boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad — hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish.
Uchrashuv IT Park’ning yangilangan faoliyati taqdimoti bilan boshlandi. Tomonlar qoʻshma loyihalarning istiqbolli yoʻnalishlari va USAID tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Muhokama qilingan gʻoyalar orasida IT Park rezidentlari eksportini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalar, kompaniyalarni, jumladan, startaplarni investitsiyaviy qoʻllab-quvvatlash va aholining inklyuziv guruhlari uchun taʼlim dasturlari, BPO sohasidagi ayollarni kelgusi ish bilan taʼminlash orqali qoʻllab-quvvatlash va raqamli muhitda ijtimoiy zaif qatlamlarni himoya qilish kabilar bor edi.
Eslatib oʻtamiz, ayni paytda IT Park va USAID yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ular “Tumaris.Tech” loyihasining ikki toʻlqinini Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda amalga oshirishni muvaffaqiyatli yakunladilar. Afgʻoniston fuqarolari uchun axborot texnologiyalari boʻyicha oʻquv kurslari ham oʻtkazildi. Vashingtonda Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va USAID oʻrtasida “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Uchrashuv yakunida IT Park va USAID oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Muhokamada ilgari surilgan takliflar amalga oshirilishi uchun batafsil tahlil qilinadi. Oʻzaro hamkorlik har ikkala tomon uchun ham istiqbolli deb baholanmoqda.
2023-11-21