IT Park va Uzum Oʻzbekistonga xalqaro investorlarni jalb etishda hamkorlik qiladi

16-dekabr kuni IT Park Uzbekistan vakillari ijrochi direktor Abdulaxad Qoʻchqorov va IT-mahsulotlar eksporti va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha direktor Jahongir Rajabov boshchiligida “Uzum Market” milliy marketpleysi omboriga tashrif buyurishdi. “Uzum” kompaniyasining operatsion direktori Roman Lavrentiev va ombor logistikasi rahbari Sergey Pushkarev mehmonlar uchun mamlakatdagi eng yirik elektron tijorat logistika markaziga ekskursiya oʻtkazdilar.

“Uzum” vakillari mehmonlarga tovarlarni qabul qilish va saqlash, shuningdek, mamlakatimiz boʻylab 72 ta aholi punktlari aholisi uchun buyurtmalar qanday yigʻilib, qadoqlanishini namoyish etishdi. Ayni paytda platformada buyurtma berish mumkin boʻlgan mahsulotlar soni 600 000 taga yetdi va kelgusi yilga kelib kompaniya assortimentni bir necha million mahsulotga kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kelgusi yildan boshlab mamlakatimizning 10 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan barcha aholi punktlarida milliy marketpleysning buyurtmalar berish punktlari tashkil etiladi.

“Uzum” va IT Park vakillari mamlakatimiz IT-brendini shakllantirish va xalqaro ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etish, shuningdek, biznes va davlat idoralari oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Uzum – biznesni rivojlantirish, onlayn xarid qilish, qulay toʻlovlar va boshqa kundalik muammolarni hal qilish uchun raqamli xizmatlar ekotizimi.

2023-12-19