IT Park vakillari Turkiyada bir qator uchrashuv va tadbirlar oʻtkazdilar

12-16 sentyabr kunlari IT Park vakillari Turkiyada xalqaro aloqalarni mustahkamlash va Oʻzbekiston IT-sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv va tadbirlar oʻtkazishdi.

Shu tariqa, 13-sentyabr kuni Istanbulda “Uzbekistan — the New Outsourcing Hub” konferensiyasi tashkil etildi, unda 25 ta kompaniyaning 45 nafar vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya doirasida IT Park faoliyati va xorijiy IT-kompaniyalar uchun mavjud dasturlar taqdim etildi. Tadbirning asosiy qismidan soʻng B2B uchrashuvlari, shuningdek, Oʻzbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi — ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 muhokamasi va targʻiboti boʻlib oʻtdi.

14-sentyabr kuni IT Park vakillari Istanbul Savdo-sanoat palatasi tomonidan yaratilgan BTM inkubatsiya markaziga tashrif buyurishdi. BTMʼning tijorat va rivojlantirish boʻyicha bosh menejeri Sechkin Kechili markaz faoliyati va mavjud inkubatsiya dasturlari haqida gapirib berdi.

15-sentyabr kuni turli mamlakatlarda ofislariga ega telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi Orbitel kompaniyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv qatnashchilari Orbitel kompaniyasi uchun IT Park rezidentligi imkoniyati va Oʻzbekiston bozoridagi imtiyozlarni muhokama qildilar.

Shu kuni VR oʻyinlari va yuqori texnologiyali immersiv virtual va kengaytirilgan reallik attraksionlarini ishlab chiquvchi DOF Robotics kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuvda autsorsing dasturlari va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

2023-09-20