San-Fransiskoda “IT Park Ventures” vakillari jahon bozori uchun o‘yinlar ishlab chiqaruvchi mashhur nashriyotchi va hammuallif — “SkyStone Games” Amerika kompaniyasi asoschisi Bill Vang bilan uchrashdi.
“SkyStone Games” kompaniyasini Jeff Pobst (Hidden Path Entertainment asoschisi) va Bill Vang (Perfect World kompaniyasining sobiq yuqori darajali rahbari) kabi sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya indi va midkor o‘yinlarini nashr etishga ixtisoslashgan, “ByteDance” (TikTok egasi) bilan hamkorlik qiladi hamda Osiyo va global o‘yin bozorida keng aloqalarga ega.
Uchrashuv davomida “IT Park Ventures” bosh direktori Azamat Karamatov O‘zbekistonning o‘yin sanoati uchun afzalliklarini taqdim etdi: xususan, IT-kompaniyalar uchun 0% soliqlar, bepul ofislar va IT-vizalar, o‘sib borayotgan o‘yin ishlab chiqaruvchilar hamjamiyati (Markaziy Osiyoda 1-o‘rinda), MDH va MENA mintaqasida loyihalarni mahalliylashtirish, nashr etish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari.
Bill Vang Markaziy Osiyo bozoriga kirib borish va o‘yin yaratish, sifatni nazorat qilish hamda o‘yinlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy markaz uchun asos yaratishga qiziqish bildirdi. Tomonlar mahalliy studiyalar va IT Park Ventures bilan qo‘shma sarmoya kiritish bo‘yicha hamkorlik salohiyatini ta’kidlab, O‘zbekistonda “SkyStone” mintaqaviy markazini tashkil etishni batafsilroq muhokama qilishga kelishib oldilar.
“IT Park Ventures” vakillari “SkyStone Games” kompaniyasini sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “ICT Week” tadbirida ishtirok etishga, shuningdek, mahalliy o‘yin loyihalariga birgalikda sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganishga taklif qildilar.
Ushbu uchrashuv O‘zbekistonning jahon o‘yin sanoati uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamlashda yana bir muhim qadam bo‘ldi. “SkyStone Games” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik mahalliy dasturchilar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va mamlakatning raqamli mahsulotlar sohasidagi eksport salohiyatini oshiradi.
2025-04-28