“IT Park Ventures” direktori o‘rinbosari Dalerxon Nodirov “Baku Investment Day” (BakuID) forumida ishtirok etdi. Tanlov doirasida MENA va Osiyo mamlakatlaridan fintech, SaaS, B2B va iste’mol texnologiyalari yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan 12 ta texnologik jamoa o‘z loyihalarini taqdim etdi.
Baku Investment Day (BakuID) — Markaziy Yevroosiyoning startaplari va investorlari uchun asosiy tadbirlardan biri hisoblanadi. Forum 100 dan ortiq investor, startap asoschilari va innovatsiyalar sohasidagi mutaxassislarni birlashtirdi hamda texnologik yechimlarni ilgari surish va investitsiyalarni jalb qilish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.
Tanlovda quyidagi startaplar ishtirok etdi: “In2” — 20 dan ortiq mamlakatda taqdim etilgan fitnes markazlarini boshqarish uchun bulutli dasturiy ta’minot; “FromFolio” — karyera vositalari va netvorking imkoniyatlarini birlashtirgan avtomobil dizaynerlari uchun platforma; “Xpence” — xarajatlarni avtomatlashtirish funksiyalariga ega startaplar va kichik biznes uchun neobank; “Clopos” — real vaqt rejimidagi tahlil funksiyasiga ega HoReCa sektori uchun POS tizimi; “TASS Vision” — chakana savdo uchun sun’iy intellekt tahlili platformasi bo‘lib, allaqachon 1000 dan ortiq savdo nuqtalarida qo‘llanilmoqda; va boshqalar.
Tadbir davomida O‘zbekistonning “TASS Vision” startapi “Sabah.fund” fondidan $200 000 miqdorida sarmoya jalb qildi, bu esa uning xalqaro bozorlarga yanada kengayishida muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, Ozarbayjonda tashkil etilgan va O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan “Push30” kompaniyasi “IT Park Ventures”dan 300 ming AQSh dollari, hamda “White Hill Capital” xususiy fondidan ham xuddi shuncha mablag‘ jalb qildi. Startap shaharning turli nuqtalaridagi sport zallariga tashrif buyurish uchun yagona obunani taqdim etadi. Ushbu tashabbus platformaning moslashuvchan fitnes yechimlari bozoridagi mavqeini mustahkamlashga va keng auditoriya uchun sport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Forum yakunlari bo‘yicha “IT Park Ventures” “Nexus Awards by ScaleAI” tomonidan “Yilning eng yaxshi venchur fondi” unvoniga sazovor bo‘ldi va mintaqadagi venchur sanoatining yetakchi ishtirokchilaridan biri maqomini tasdiqladi. Mazkur mukofot jamg‘armaning innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston startap ekotizimini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi faol ishtirokining e’tirofidir.
“IT Park Ventures”ning “BakuID 2025” tadbiridagi ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro venchur muhitga faol jalb etilishi va mintaqaviy innovatsion salohiyatni rivojlantirishga bo‘lgan intilishining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Erishilgan mukofot, muvaffaqiyatli investitsiya bitimlari va xalqaro aloqalarning kengayishi fondning ishonchli strategik hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va global texnologik tadbirkorlik xaritasida O‘zbekistonning ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlaydi.
2025-06-26