IT Park yuzi: Amirxon Baykiev — maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish boʻlimi boshligʻi

Sizni IT Park Uzbekistan jamoasi bilan “IT Park yuzi” doimiy ruknida tanishtirishda davom etamiz. Ushbu sonda 22 yoshli Amirxon Baykievni taqdim etamiz.

Uning IT Parkʼdagi faoliyati 2022-yilda grafik dizayner sifatida boshlangan. Oradan bir yil oʻtib Amirxon oʻzining isteʼdodi va yetakchilik salohiyati tufayli maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish boʻlimiga rahbar sifatida tayinlandi.

Qanday qilib IT Parkka kelib qoldingiz?

Bolaligimdan sevimli mashgʻulotim fotoshop bo‘lgan va men kompyuter oʻyinlarini tahrirlash, ularning tashqi koʻrinishini, jumladan kiyim va shakllarni oʻzgartirish bilan faol shugʻullanardim. Grafik muharrirlar bilan ishlash va video oʻyinlar yaratishning nozik jihatlari meni doim oʻziga jalb qilgan. Bir payt oʻylanib qoldim: nega oʻz ishtiyoq va mahoratimni kasbga aylantirmasligim kerak? Bu qaror meni grafik dizayn sohasida karyera boshlashga undadi.

Uzoq vaqt davomida men frilanser sifatida ishladim va bir vaqtning oʻzida bir nechta loyihalarni boshqardim. Biroq, muayyan nuqtada men yana davom etishga qaror qildim va oʻz rezyumeimni hh.uz saytiga joylashtirdim. Men juda koʻp qiziqarli takliflar oldim, lekin oxir-oqibat IT Park’ni tanladim. Shu tariqa ushbu tashkilotning aʼzosiga aylandim.

Majburiyatlar haqida

Maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish boʻlimi IT Parkʼdagi eng kreativ boʻlim hisoblanadi. Bu har bir keyingi loyihani avvalgi yechimlarni takrorlamasdan, yangicha qilishga intiladigan odamlardir.

Bizning boʻlim, xoh u reklama kampaniyalari, mahsulot dizayni yoki boshqa ijodiy vazifalar bo‘lsin, turli loyihalar uchun kreativ gʻoyalar yaratish bilan shugʻullanadi. Bozor ehtiyoj va talablarini inobatga olgan holda har bir vazifaga alohida yondashishga harakat qilamiz. Ranglar palitrasini tanlashdan tortib videolarni tahrirlashgacha boʻlgan barcha vazifalar bizning majburiyatlarimizga kiritilgan.

Rahbar sifatidagi vazifalarim jamoani boshqarish, ish sifatini nazorat qilish va belgilangan muddatlarga rioya qilishni oʻz ichiga oladi.

Men ofisimizda hukmronlik qiladigan ijodiy aurani yaxshi koʻraman. Har birimiz muammolarni hal qilishning oʻziga xos ijodiy variantlarini taklif qilamiz va bu juda ilhomlantiradi. Biz hammamiz bir-birimizdan oʻrganamiz.

Nega aynan IT Park?

IT Park iqtidorli mutaxassislarni yuksak qadrlaydi. Mening ishim tashkilotga manfaat keltirishini tushunish meni har kuni yanada koʻproq harakat qilishga ilhomlantiradi.

Men uchun bu shunchaki ofis yoki oʻz vazifalarimni bajaradigan joy emas. Bu mening ikkinchi uyim va men oʻzim yoqtirgan ish bilan shugʻullanishim, mutaxassis sifatida rivojlanishim va shaxs sifatida oʻsishim mumkinligidan xursandman.

Hamkasblarim allaqachon men uchun shunchaki xodim emas — ular mening doʻstlarim va oilam aʼzolarimga aylanishgan. Biz tez-tez jamoaviy tadbirlar oʻtkazamiz, dam olish kunlari biron joyga boramiz va koʻp hazil qilamiz. Bu juda yoqimli ish muhitini yaratadi.

Oʻzbekiston IT-sohasi haqida qanday fikrdasiz?

Bugungi kunda texnologiyalar asosiy oʻrin tutayotgan dunyoda axborot texnologiyalariga alohida eʼtibor qaratish lozim. Ular bizning kundalik hayotimizni osonlashtiradi va uni yanada qulayroq qiladi.

Men Oʻzbekistonni AKT sohasida jahon yetakchilari qatorida koʻrishni orzu qilaman. Buning uchun bizda barcha sharoitlar mavjud: iqtidorli IT-mutaxassislar, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, IT-koʻnikmalarini egallashga intilayotgan yoshlar.

Boʻsh vaqtingiz haqida

Ish joyimga yaqin yashashning koʻplab afzalliklari bor. Ishga boradigan yoʻlim uzoq emas, bu vaqt va energiyani tejashga yordam beradi.

Ammo, umuman olganda, hayotda ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi muvozanatni saqlashni oʻrganish muhimdir. Boʻsh vaqtimda tabiat qoʻyniga chiqishni, musiqa tinglashni va doʻstlarim bilan kinoga borishni ham yaxshi koʻraman.

Shuningdek, sohadagi yangi imkoniyatlar va innovatsiyalardan xabardor boʻlish uchun dizayn va reklama sohasidagi soʻnggi tendensiyalarni koʻproq kuzatishga va oʻqishga harakat qilaman.

2023-10-16