IT Park Yuzi: Madina Musurmankulova — amaliyotdan rahbarlik lavozimigacha yoʻl

Har qanday tashkilot, avvalambor, — uning asosi boʻlmish inson va uning koʻnglidir. Tashkilotning qanday ekanligini bilish uchun esa u yerda ishlaydigan xodimlarni tanish kerak. Shu bois IT Park tomonidan “IT Park yuzi” rukni ishga tushirildi. Rukn doirasida mutaxassislarimiz o‘z faoliyat yoʻli, qiziqishlari va sevimli mashg‘ulotlari haqida soʻzlab beradilar.

Bu gal e’tibor markazimizda — Raqamli transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Madina Musurmankulova.

Madina 23 yoshda. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kompyuter muhandisligi fakultetini tamomlagan. Qahramonimiz IT Parkga 2020-yilning fevral oyida amaliyot oʻtash uchun kelgan.

“2019-yil oxirida, universitetning ikkinchi kurs talabasi boʻlganimda, sohaga tezroq kirib borish uchun tengdoshlarim kabi oʻqishimga parallel ravishda ishga joylashishni juda xohladim. Tajribam bo'lmagani uchun qayerga borishni bilmasdim. O'sha paytda IT Park rezidenti bo'lgan kompaniyada ishlagan akam bilan maslahatlashganimdan so'ng, IT Parkga qo'ng'iroq qilib, bo'sh ish o'rinlari haqida so'radim. 1-2 oydan so'ng suhbatga taklif qilishdi, bo'limlarda amaliyotchi talabalar kerak yoki yo'qligini aniqlab berishlarini aytishdi”.

Bir necha kundan so‘ng Madinani ikkinchi suhbatga taklif qilishdi va 2020-yil fevral oyida u startap ekotizimlarini rivojlantirish bo‘limida amaliyot o‘tadi va hozir ham shu yerda faoliyat olib bormoqda.

Endi Madinaning vazifalari qatoriga raqamli transformatsiya departamentini boshqarish, uning doirasida Respublikadagi inkubatsiya markazlari, sun'iy intellekt bo'yicha yillik xakatonlar, “Open Data Challenge”, tadbirkorlik bo'yicha har yili o'tkaziladigan “Entrepreneurship World Cup” va boshqa yirik loyihalarni amalga oshirish kiradi. Bundan tashqari, Madina mamlakatning har bir hududida startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha hududlar bilan ishlashga mas’ul.

“Umumta’lim maktablarini ixtisoslashtirilgan axborot texnologiyalari maktabiga aylantirish ishlarida ham ishtirok etdim.  Jamoamiz bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida IT-beshkurash va informatika bo‘yicha Respublika olimpiadasini tashkil qildik”.

Nega aynan IT Park?

Oxirgi uch yil davomida Madina IT Park manfaati yoʻlida tinimsiz mehnat qilmoqda. Qahramonimiz xotirlashicha, u, avvaliga, koʻplab qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo mashaqqatlar uning sohada o'sishga bo'lgan qat'iyatini yanada kuchaytirgan.

“Qiyinchiliklar har yerda mavjud. Biz har doim qiyin damlarni jamoaviy ravishda murabbiylar yordamida yengib oʻtganmiz. Ish bilan bog'liq qiyinchiliklarga kelsak, ha, ilk bosqichda loyihalardagi ishim ko'pligi yoki biron bir tadbirni tashkil qilish bilan bog'liq vaziyatlarda dam olish kunlari ham ishlaganim sababli yaqinlarim bilan ko'p tushunmovchiliklar bo'lgan. Ammo oilam ishimga boʻlgan mehrim, shunday yirik tashkilotga a’zo bo‘lganimdan baxtiyor ekanimni ko‘rdi va hozir meni qo‘llab-quvvatlayapti”.

Madina o'z ishini va jamoasini juda yaxshi ko'radi.

“Avvalambor, ishimni yaxshi ko'raman, chunki u menga ajoyib murabbiylar bilan, do'stona va qiziqarli jamoada ishlash zavqini beradi. Men uchun bu shunchaki ish emas, balki har kuni yangi narsalarni o‘rganish, turli dasturlar ishtirokchilari va mentorlari bilan muloqot qilishdek imkoniyatga ega ilhom manbayidir”.

O‘zbekistonning IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?

IT sohasi, Madinaning fikricha, O‘zbekistonda eng istiqbolli soha hisoblanadi. U aynan ushbu yo'nalish mamlakatga yanada katta shon-shuhrat olib kelishiga amin.

“Butun dunyoda O‘zbekiston buyuk tarix, boy madaniyat-u xilma-xil taomlarga ega oʻzbek milliy oshxonasiga ega mamlakat sifatida tanilgan. Endi bizda yana bir imkoniyat bor – o‘zimizni yangi IT-xab va ilg‘or texnologiyalarga ega mamlakat deb davlatimiz dovrugʻini yoyish. So‘nggi yillarda O‘zbekiston AKT sohasini rivojlantirishda oldinga siljidi. Bu esa hali boshlanishi”.

“Ko‘p jihatdan”, deya davom etadi rukn mehmoni, “ bunda IT Parkning xizmati beqiyos, negaki tashkilot respublikada IT madaniyatini yuksaltirish bilan shug‘ullanadi”.

“O‘zbekiston hukumati respublikada shunday tashkilot tashkil etish tashabbusi bilan chiqqanidan juda xursandman. Ilgari mamlakatimiz IT sohasi haqida deyarli hech narsa ma’lum emas edi, biroq hozir dunyoning eng yirik o‘yinchilari biz bilan hamkorlik qilmoqda va Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston bu sohada yetakchiga aylanmoqda”.

Eng muhimi, Madinaning qayd etishicha, IT Park erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmaydi. Tashkilot xodimlari taraqqiyotga hissa qo‘shishda davom etmoqda, bu esa IT Park va umuman O‘zbekistonni sayyoramizning har bir burchagida tanilishi demakdir.

Sevimli mashg'ulotlaringiz va orzularingiz haqida soʻzlab bersangiz

Madinaning sevimli mashg'ulotlari ko'p, shuning uchun aynan bir mashgʻulotni alohida ajratib koʻrsatishi qiyin.

"Menda har doim ham bo'sh vaqt ko'p bo'lmaydi, lekin agar biron soatga boʻsh boʻlib qolsam, vaqtimni oʻz ustimda ishlashga bag'ishlayman. Malaka oshirish kurslarida qatnashaman, startap va biznesga oid kitoblarni o‘qiyman, dunyodagi startaplar haqidagi yangiliklarni kuzatib boraman. Ochiq, toza havoda sayr qilishni, tog'ga chiqishni kanda qilmayman.

Bundan tashqari, Madina, bo'sh vaqtini singlisi bilan o'tkazishni xush ko'radi.

“Odatda yoshlar bilan muloqot qilishni yaxshi ko'raman. Ular meni doimo ruhlantiradi, muloqotdan zavq va ilhom olaman. IT Parkni tanlaganimning yana bir sababi ham shu. IT Park shunchaki tashkilot emas, balki g‘oyalaringizni doimo qo‘llab-quvvatlaydigan va ularni haqiqatga aylantirishda koʻmak beruvchi ulkan do‘stona oila hamdir!”

Agar siz IT Park oilasi a’zosi bo‘lishni istasangiz, o‘z rezyumeingizni hr@it-park.uz elektron manziliga yuboring.

2023-02-16