Har qanday tashkilotning rivojlanishi va muvaffaqiyatining asosi uning xodimlari bo‘lib, ular korxonaning barqarorligi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadilar. Aynan shuning uchun "IT Park yuzi" rukni ishga tushirilgan. Ruknimiz doirasida biz bir necha yillardan buyon IT Park manfaati yo‘lida tinimsiz mehnat qilib kelayotgan xodimlarimizning kasb yo‘li, qiziqishlari va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘z yuritamiz.
Ruknimizning navbatdagi qahramoni Ta‘lim bo‘limi boshlig‘i Shaxzod Narzullayev bo‘ldi. U o‘z ishining ustasi, tashkilotning faxri va yetuk mutaxassislardan biri hisoblanadi.
U Toshkent shahrida joylashgan G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining "Moliya va kredit" yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini tamomlagan. Ayni paytda qahramonimiz ushbu universitetning “Raqamli biznes” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura talabasi. Shahzod 30 yoshga qadar PhD darajasini olishni rejalashtirgan.
U IT Park‘dagi faoliyatini 2020-yil sentabr oyida amaliyotchi sifatida boshlagan.
“Agar IT Park mavjudligi haqida ertaroq bilganimda edi, o‘sha vaqtning o‘zida hech o‘ylamay kelgan bo‘lardim. Faqat 2020-yilga kelib men IT Parkda amaliyot o‘tash mumkinligi haqida eshitdim va qiziqib qoldim. Men darhol ariza topshirdim, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim va startaplarni rivojlantirish bo‘limiga ishga qabul qilindim, so‘ngra meni Ta‘lim bo‘limiga o‘tkazishdi. O‘sha paytda men hech qanday lavozimga ega emas edim, uzoq vaqt davomida men faqat amaliyotchi sifatida ishladim. O‘qishdan keyin bu yerga kelish men uchun qiziq edi. O‘sha paytda men o‘zim uchun juda ko‘p yangi narsalarni o‘rgandim, men uchun mutlaqo yangi yo‘nalish bo‘lgan IT olamiga sho‘ng‘idim".
Shahzod bunday yirik texnologik hamjamiyatning bir qismi bo‘lganidan juda xursand.
“IT Park yosh mutaxassislarning shaxsiy va kasbiy o‘sishi uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu yerda siz jamiyatimizni ijobiy tomonga o‘zgartirishga yordam beradigan qiziqarli loyihalarda ishtirok etishingiz mumkin. Bu esa eng katta qadriyatdir”.
Hozirda Shahzodning vazifalari qatoriga ta'lim bo'limini boshqarish kiradi, uning doirasida mamlakatimizda IT-sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yirik taʼlim loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, u mutaxassislarni tarbiyalashga, ularning IT sohasida bilim va tajribasini kengaytirishga yordam beradigan tadbirlar, kurslar va seminarlar tashkil etishga mas‘uldir.
Qahramonimiz ta‘kidlaganidek, u joriy dasturlarni yangilash va takomillashtirish maqsadida IT-ta‘lim sohasidagi xalqaro tendentsiyalarni muntazam kuzatib boradi.
“Biz dunyoga mashhur Coursera ta‘lim platformasi bilan hamkorlik qilamiz. Taʼlim dasturi Google, Intel, IBM, Yel universiteti va Jons Xopkins universiteti kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar va universitetlarning dasturlash, matematika, akademik ingliz tili va loyihalarni boshqarish bo‘yicha eng ilg‘or kurslarini o‘z ichiga oladi. Kurs yakunida talabalar IT Park va Coursera sertifikatlari bilan taqdirlanadilar. Ushbu dastur mamlakatning keng aholisiga yuqori sifatli va arzon IT-ta‘limni taqdim etishga qaratilgan”.
Umuman olganda, Shahzodning vazifalari axborot texnologiyalari sohasida rivojlanish istagida bo‘lgan barcha yoshlarni yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun yordam berishga qaratilgan.
Nega aynan IT Park?
Mana uch yildirki Shahzod IT Park manfaati yo‘lida tinimsiz mehnat qilib kelmoqda. Shahzod faoliyatining boshidf juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganini eslaydi. Biroq, u ishdagi qiyinchiliklar har qanday kasbiy faoliyatning muqarrar jihati deb hisoblaydi. Yangi vaziyatlarga tezda moslasha olish va muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish muhimdir.
“Har bir kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ular kasbiy o‘sish va rivojlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Men ta‘kidlashim mumkin bo‘lgan asosiy muammolardan biri - IT-sohasidagi o‘zgarishlarni doimiy ravishda kuzatib borish va shunga mos ravishda bilim va ko‘nikmalarni yangilab turish zarurati. Axborot texnologiyalari sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda va barcha yangi mahsulotlar va tendentsiyalardan xabardor bo‘lish uchun siz doimo o‘rganishingiz va izlanishingiz kerak. Bundan tashqari, biz tez va samarali tarzda hal qilinishi kerak bo‘lgan kutilmagan vaziyatlarga duch kelamiz, jamoaviy ish va hamkasblarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz doim birgalikda yechim topamiz”.
Qahramonimiz o‘z ishini juda yaxshi ko‘radi va o‘z jamoasini qadrlaydi. U IT Park hayotidan tashkilotidagi faoliyati bilan bog‘liq yorqin lahzalarni esga oldi.
“Men atrofimdagi barcha narsadan baxtli onlarni izlashga harakat qilaman. Men 10-20 yildan keyin bu lahzalarni tabassum bilan eslashni xohlayman. Ishingizda quvonch va farovonlik topish muhim. Shuni unutmaslik kerakki, IT Park hamfikrlar hamjamiyatidir, bu yerdagi odamlar ijobiy munosabatni qo‘llab-quvvatlaydi”.
U o‘z sohasi mutaxassislari bilan birga ishlash, ulardan saboq olish, bilim va tajriba almashish imkoniyati uni yanada ruhlantiradi.
Shahzod IT Park yosh avlod uchun tanlagan kasbida martabasining o‘sishi uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratib berayotganidan, aholi turmushi sifatini oshirishga ko‘maklashayotganidan va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotganidan xursand.
“IT Parkda ishlash - bu ilg‘or hamjamiyatning bir qismi bo‘lishni istagan har bir kishi uchun ajoyib tanlov. IT Park - bu yuqori malakali mutaxassislar, ko‘p qirrali va qiziqarli odamlar jamoasi. Atrofingizda g‘ayratli odamlar bo‘lishi ajoyib, bu yana-da oldinga intilishga va maqsadlaringizga erishish yo‘lida katta yordam beradi. Men har doim o‘z tajribalari, bilimlari bilan bo‘lishish va ishlarida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan mutaxassislar bilan ishlayman.
Bu yerda men turli tadbirlar, anjumanlar va seminarlarda qatnashishim, turli odamlar bilan tanishishim, muloqot qilishim va ular bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatishim mumkin, bu esa o‘z navbatida ko‘nikmalarimni rivojlantirishga va kasbiy yo‘limni shakllantirishga yordam beradi. IT Park menga axborot texnologiyalari rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatini berdi. Eng muhimi, ushbu ilg‘or kompaniyaning bir qismi bo‘lishdir”.
O‘zbekistonning IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?
So‘nggi yillarda IT sohasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va yoshlarning qiziqishi ortib borayotgani tufayli faol rivojlanmoqda, deydi Shahzod.
“2020-yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatda IT-sanoatini rivojlantirishga va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Raqamli O‘zbekiston” dasturi qabul qilindi. Mamlakatda ko‘plab istiqbolli IT-startaplar, IT-kompaniyalar, muvaffaqiyatli loyihalar va iqtidorli yoshlar mavjud, shu sababli oldinda bizni yana-da ko‘proq yutuqlar kutmoqda”.
Shahzodning so‘zlariga ko‘ra, IT Park Markaziy Osiyo mintaqasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning asosiy markazlaridan biri bo‘lib, bu xorijlik investorlar va tadbirkorlar e‘tiborini jalb etayotgani mamlakatimizda biznes-muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
“IT Park turli startaplar va IT-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli ko‘nikmalar kurslarini tashkil etish va yoshlarning ushbu sohada o‘z karerasini rivojlantirishga ko‘maklashish orqali yurtimizda yangi axborot texnologiyalarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashkilot yangi va innovatsion mahsulot va xizmatlar yaratish ustida ishlayotgan iqtidorli mutaxassislar va tadbirkorlarni jalb qiladi”.
Sevimli mashg‘ulotlaringiz va orzularingiz haqida so‘zlab bersangiz
Qahramonimiz sog‘lom va faol turmush tarzi tarafdori. Shahzod bo‘sh vaqtini o‘zining sevimli mashg‘ulotlariga - sport va ochiq havoda dam olishga bag‘ishlaydi, bu uning sog‘ligiga va kayfiyatiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.
“Sport bilan shug‘ullanish menga tana vaznimni nazorat qilishimga, irodamni mustahkamlashga, yuqori marralarga erishishimga, ish va dam olish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga yordam beradi. Men tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazishni va sayr qilishni ham yaxshi ko‘raman, bu esa menga go‘zal manzara va toza havodan bahramand bo‘lish imkoniyatini beradi. Men uchun bu og‘ir ish kunlaridan keyin ajoyib dam olishdir”.
Agar siz IT Park oilasining a‘zosi bo‘lishni istasangiz, o‘z rezyumeingizni hr@it-park.uz elektron manziliga yuboring
2023-03-15