IT Park YXHT’ning 29-chi forumida ishtirok etdi

2021-yil 9-10 sentyabr kunlari YXHT’ning iqtisodiyot va atrof-muhitga bag‘ishlangan 29-forumi “Xotin-qizlar iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali YXHT hududida keng qamrovli xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam rivojlanishga ko‘maklashish” mavzusida bo‘lib o‘tdi, unda IT Park mutaxassislari qatnashdilar

Forumda O‘zbekiston, Chexiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus, Turkiya, Serbiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etishdi.

Forum davomida ishtirokchilar Covid-19 pandemiyasining ayollarga ta’siri, ayollarning har xil ehtiyojlarini qondiradigan gender sezgir ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlarining ahamiyati va boshqalarni muhokama qilishdi.

IT Park’ning forumdagi vakili startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash menejeri Ismina Mavlyankarieva bo‘lib, u ishtirokchilarga IT Park tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va IT sohasini ayollar va qizlar o‘rtasida ommalashtirish maqsadida amalga oshirilgan loyihalar haqida gapirib berdi. Bu loyihalarga “TumarisTech”, “TechBika” va “ITWomenUz” kiradi.

Forum natijasida ishtirokchilar ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni tashkil etish borasida turli mamlakatlarning tajribalari bilan almashishdi.

2021-09-15