Ko‘pchilik uchun qiziqarli boʻlgan “Relokant bilan suhbat” rukni O‘zbekiston haqida xorijliklar nigohi bilan hikoya qilishda davom etadi.
Bugun IT Parkʼga Tataristonning Qozon shahridan Polina Rakova tashrif buyurdi.
Polina – veb-dizayner. U korporativ veb-saytlar, xizmatlar va ilovalar uchun interfeyslarni ishlab chiqish va loyihalash bilan shugʻullanadi. Shuningdek, u mentorlik bilan shugʻullanadi va veb-dizayn boʻyicha individual ravishda oʻqitadi.
“Bir yildan koʻproq vaqt davomida men Rossiyaning Mark Weber dizayn studiyasida masofaviy tarzda faoliyat yuritaman. Oʻz faoliyatimni junior-dizayner sifatida boshladim va oʻziga ishongan middle darajasiga yetdim.
Shu vaqt ichida men “iFellow” global IT kompaniyasi, Tatariston Respublikasining yetakchi banklaridan biri “Tatsotsbank”, katta mintaqaviy qishloq xo‘jaligi xoldingi – “RM Argo” uchun veb-saytlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Men ishlash baxtiga muyassar boʻlgan boshqa loyihalar ham bor, lekin bular eng katta va eng qiziqarlilari”.
Polina shu yil boshida Toshkentga ko‘chib keldi. Ruknimiz mehmoni taʼkidlashicha, u bir necha davlatlarga borish imkoni bo‘la turib, Oʻzbekistonni tanlagan.
“Bu qarorni nafaqat men, balki yaqin insonim ham qabul qilgan. Oʻzbekistonda ko‘p tanishlarimiz yashaydi, shuning uchun biz bu davlatni eng yaxshi tanlov deb oʻyladik. Bundan tashqari, viza talab qilinmaydi. Bu esa Toshkent foydasiga yana bir omil bo‘ldi”.
Koʻchib kelish vaqtida Polina hech qanday muammoga duch kelmagan. Uning aytishicha, qulay uy-joy topishga IT Park katta yordam bergan.
Polina byurokratiyaga duch kelmaganini aytib oʻtdi.
“Men byurokratiya bilan bogʻliq muammolarni eslay olmayman. Aslida, men qiyinchiliklarga tayyor edim, lekin barchasi muammosiz oʻtdi. Roʻyxatdan oʻtish va boshqa jarayonlar koʻp vaqt talab qilmadi, hamma narsa juda tez amalga oshirildi. Dastlabki yagona muammo davlat tilini tushunmaslik edi, keyin esa men aholining aksariyati rus tilida gaplashishi va tushunishiga ishonch hosil qildim.”.
Ruknimiz mehmonining fikricha, O‘zbekistonda IT sohasi jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.
“IT – istiqbolli soha ekanligini koʻrdim. Mamlakatda ushbu sohani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu yerda doimiy ravishda anjumanlar, treninglar oʻtkazilmoqda, respublika boʻylab ixtisoslashtirilgan IT-maktablar va markazlar ochilmoqda. Ayollar va nogironligi boʻlgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli dasturlar ishga tushirilayotganidan xursandman”.
Polinaga yetishmayotgan yagona narsa – bu dizayn sohasidagi tadbirlardir.
“Poytaxtni men rivojlanayotgan shahar deb ayta olaman. Menga bu yerda IT sohasi tobora kuchayib borayotgani va insonlarga ish o‘rinlari mavjudligi xursand qiladi. Raqamli anjumanlar va mitaplar oʻtkazilayotganidan xursandman, u yerda siz yangi bilimlarni oʻrganishingiz yoki oʻz sohangizdagi odamlarni topishingiz mumkin.
Men shaharning IT tadbirlari orasida koʻproq dizayn tadbirlarini koʻrishni xohlardim. Axir, yaxshi va tushunarli dizayn qilish imkoniyati boʻlsa, hayotimiz albatta ijobiy tarafga o‘zgaradi”.
Mamlakat Polinada yaxshi taassurot qoldirdi. U O‘zbekistonni serquyosh, mehmondo‘st va o‘ziga xos lazzatli oshxonasiga ega mamlakat deb ta’riflaydi.
“Bu yerda tabiat juda ham goʻzal. Hali mamlakatning boshqa shaharlariga borishga ulgurmadim, lekin yaqin orada Samarqand va Buxoroga sayohat qilishni rejalashtirmoqdaman. Yaqinda biz Nefrit koʻllariga – hayratlanarli darajada goʻzal joyga borib keldik. Menda “Boiler Room” festivali ham katta taassurot qoldirdi, tadbir ajoyib tarzda bo‘lib o‘tdi va yanvar oyining sovuq kunlarida Chimyonga birinchi marta sayohat qildim”.
Toshkentda esa boʻsh vaqtida u mahalliy bogʻlar, diqqatga sazovor joylar, madaniy maskanlar – konservatoriya, muzeylar, teatrlar, kinoteatrlarga boradi.
“Men koʻpincha ishlayman, shuning uchun asosan uyimni oldida joylashgan kafelar, kovorking markazlari yoki IT Parkʼga boraman. Qolgan vaqtimni ingliz tilini oʻrganishga bagʻishlayman. Biroq, boʻsh vaqtim boʻlganda, men koʻp piyoda yurishga harakat qilaman.
Menga yoqmagan narsa: shahardagi havo toza boʻlmaganligi va chang miqdorini, yoʻllardagi jiddiy tirbandlik va beparvo haydovchilarni, yarim soat ichida oziq-ovqat yetkazib berilmasligini taʼkidlab o‘tmoqchiman. Shuningdek, kontaktsiz to‘lov usuli (masalan, Apple Pay va shunga o‘xshash) yo‘qligini payqadim, lekin pulni naqd qilish yoki almashtirishda hech qanday muammo mavjud emas”.
Kulgili lahzalar ham boʻlgan, deya davom etadi rukn mehmoni.
“Biz 1-qavatda yashaymiz va shunaqa paytlar boʻladiki, kuryerlar buyurtmani derazadan uzatadilar. Bu juda kulgili va qiziqarli koʻrinadi.
Va yaqinda bir voqea yuz berdi: bizda gaz va shunga mos ravishda issiq suvni oʻchirishdi. Rossiyada har yili yozda 2 haftaga issiq suvni oʻchirishadi, Toshkentda ham shunday qilishyapti, deb oʻylagandik. Bundan tashqari,oʻsha paytda koʻchamizda quvurlar almashtirildi va hamma narsa mantiqiy ravishda birlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, balansdagi pulimiz tugab qolgan ekan va shuncha vaqt davomida biz choynakda suv isitgan edik”.
Ammo ular bozorlardan mamnun boʻlishdi: Polina har safar turli bozorlarga borishni yaxshi koʻradi, u yerda eng shirin hamda mazali meva va sabzavotlarni xarid qilishingiz mumkin.
Oʻzbekistonda, uning taʼkidlashicha, deyarli barcha yeguliklar hamma joyda mazali. U koʻpincha milliy kafelarga tashrif buyuradi. Sevimli taomlaridan birinchi oʻrinda somsa va qoʻy goʻshtli shashlik turadi.
Polinaning mamlakat aholisi haqidagi taassurotlari juda yaxshi.
“O‘zbekiston aholisi hamdard, mehmondo‘st, samimiy va ochiq xalqdir. Men oʻylaymanki, mentalitet mening tugʻilgan shahrim – Qozon aholisiga juda oʻxshaydi. Va men ushbu jamiyatda oʻzimni juda qulay his qilaman. Hamma joyda yordam beradigan va ogohlantiradigan, shuningdek, sizdan manfaat koʻzlaydigan odamlar doimo boʻlgan va boʻladi va bu normal holat”.
Polina O‘zbekistonda qancha yashashini hali bilmaydi. Ammo hozircha u ketishni istamaydi.
“Dastlab Toshkentda uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda toʻxtashni rejalashtirgandik, lekin rejalar oʻzgaradi va Oʻzbekiston bu yerda koʻproq ushlanib qolishimizga arziydi.
O‘zbekistonni barcha do‘stlarimga albatta tavsiya qilaman. Bu boy tarix va merosga ega rang-barang mamlakat, mening doʻstlarim bu yerga uchib kelishni juda xohlashadi. Va men oʻzim bilan esdalik sovgʻalari, iliq xotiralar va oshga boʻlgan muhabbatimni olib ketaman!”
2023-05-11