IT-ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha seminarlar davom etmoqda

19-24-may kunlari IT Park’ning taʼlim loyihalari boʻyicha bosh menejerlari Ilhom Joʻrayev va Sirojiddin Sayfuddinov, shuningdek, xalqaro IT-sertifikatlar bo‘limi bosh menejeri Avaz Umirzoqov talabalarga IT sohasidagi ta'lim imkoniyatlari haqida so'zlab berish maqsadida Toshkent, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurishdi.

Xususan, Termiz davlat universiteti va TATU Qarshi filialida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. IT Park mutaxassislari talabalarga xalqaro IT-sertifikatlari va dunyoning eng yaxshi IT-kompaniyalari va universitetlarining yetakchi ekspertlari rahbarligida IT sohasini o‘rganish va zarur ko‘nikmalarni egallashga yordam beruvchi Coursera ta’lim platformasida o‘qishning afzalliklari haqida so‘zlab berdi.

Talabalar Microsoft, Google, Cisco, Coursera, Oracle, Cybersecurity va boshqa xalqaro IT-sertifikatlari uchun sarflangan mablagʻning 50% gacha kompensatsiya olish tartibi to‘g‘risida bilib oldilar.

Bundan tashqari, IT Parkning Toshkent va Surxondaryo filiallarida tashkilot rahbarlari va rezidentlari uchun treninglar o‘tkazildi. Sessiya davomida Coursera platformasining imkoniyatlari, xalqaro IT-sertifikatlari hamda COP loyihasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Bu kabi seminarlar respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, xalqaro IT sertifikat uchun sarflangan mablag‘ning 50% gacha kompensatsiya olish mumkin bo‘lgan dastur Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida IT Park tomonidan ishga tushirilgan.

Kompensatsiya olish uchun quyidagilar zarur:

  • 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish;
  • www.my.gov.uz elektron portalida onlayn ariza toʻldirish;
  • zarur hujjatlarni ilova qilish (xarajat kvitansiyasining nusxasi, IT-sertifikatning nusxasi);
  • agar ariza beruvchi 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa, arizani toʻldirishda ota-ona/vasiylarning maʼlumotlarini kiritish lozim;
  • kompensatsiya qilinadigan xalqaro IT sertifikatlari roʻyxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://bit.ly/3ObPrtA

Kompensatsiya olish uchun sertifikat olingan kundan boshlab 180 kundan kechiktirmay ariza topshirish lozim.

Arizalarni quyidagi havola orqali yuborish mumkin: https://my.gov.uz/uz/service/622

2023-05-26