Iyun oyi yakunlari: IT Park’ga 58 ta yangi eksportchi va 29 ta xorijiy kompaniya qo‘shildi

IT Park yangi rezidentlarni qabul qilish va mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratishni davom ettirmoqda. 2025-yil iyun oyida ekotizimga xorijiy bozorlar va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan o‘nlab yangi kompaniyalar qo‘shildi.

2025-yil iyun oyida 58 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi. Ularning 29 tasi Indoneziya, Turkiya, BAA, Ruminiya, Portugaliya, Vengriya va Yaponiya kabi davlatlarning xorijiy kapitali ishtirokidagi kompaniyalardir.

Yangi rezidentlar birinchi yilda 1129 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Ular orasida dastlabki bosqichdayoq sezilarli eksport salohiyatiga ega ekanligini ma’lum qilayotgan kompaniyalar ham bor. Masalan, Braziliyaning “GUARAQE” kompaniyasi AQSh bozorlariga dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Ularning birinchi yildagi rejalashtirilgan eksport hajmi 1,5 million dollarni tashkil etadi.

Portugaliya va Vengriya kapitali ishtirokidagi “RUBY TALENT SOLUTIONS” amerikalik mijozlar uchun masofaviy jamoalarni tanlash va boshqarish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya 3,1 million dollarlik xizmatlar eksportini rejalashtirgan.

Ruminiyaning “ACCESA” kompaniyasi Germaniya va Ruminiya bozorlari uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish, IT-konsalting va dizayn xizmatlariga ixtisoslashgan. Kompaniya 2,2 million dollarlik eksport va 40 tagacha ish o‘rni yaratishni niyat qilmoqda.

Bundan tashqari, “MONT TECH SYSTEMS” (BAA) Tojikistonlik mijozlar uchun IT-konsalting xizmatlarini ko‘rsatish va SAAS-xizmatlarini taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Rejalashtirilgan eksport hajmi 8,5 million dollarni tashkil etadi.

2025-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, xorijiy resident kompaniyalarning umumiy soni 776 taga (hududlarda 206 ta), eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar soni esa 750 taga (shundan 228 tasi hududlarda) yetdi.

Yangi kompaniyalarning IT Park rezidenti maqomini qo‘lga kiritishi O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasining barqaror rivojlanayotganini va uning global IT-hab sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi. IT Park xalqaro IT-kompaniyalarni jalb etish, eksportni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni davom ettiradi.

2025-07-07