Avgust oyi oʻrtalarida Janubiy Koreya IT sohasi vakillari Gyeongbuk texnoparki bosh direktori janob Ha In-Sung, venchur investitsiyalari boʻyicha mutaxassis Park Yong-Ho, DG Tech Holdings investitsiya direktori Hwang Young-Hun amaliy tashrif bilan Oʻzbekistonga boʻldi.
Tashrif doirasida 16-avgust kuni janob Ha In-Sung boshchiligidagi KOICA konsalting guruhi va KOICAning Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Pak Soon-Jin xonim ishtirokida IT Parkga tashrif buyurdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad “O‘zbekistonda IT-Parkning barqaror rivojlanishi uchun poydevor yaratish va salohiyatini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishdan iborat.
Uchrashuvda tomonlar loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari, shuningdek, koreyalik mutaxassislar ko‘magida ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish va Janubiy Koreyada amaliyot o‘tash muhimligini muhokama qildilar. Bundan tashqari, muloqot ishtirokchilari IT-Park rezidentlari va Koreyaning yetakchi IT-kompaniyalari oʻrtasida texnologiyalar transferi, qoʻshma dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish hamda IT va BPO xizmatlari autsorsingi orqali xarajatlarni optimallashtirish va tashqi bozorlarda raqobatlashish uchun hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaror qildilar.
Tashrif davomida Koreya delegatsiyasi 15 dan ortiq IT Park startap loyihalari bilan tanishdi, startaplarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z tajribalari hamda investitsiyalarni jalb etishning zarur amallari bilan o‘rtoqlashdi.
Tashrifning ikkinchi kunida “Hyatt Regency” mehmonxonasida Koreya delegatsiyasi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda startap loyihalarga sarmoya jalb etish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda IT-Park direktori maslahatchisi J.Partasarati, “UzVC” Milliy venchur jamg‘armasi bosh direktori Dilshod Hashimov, IT Park startapni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Maqsumov, Savdo-sanoat palatasi vakillari, startap loyihalari ta’sischilari va O‘zbekiston startap ekotizimining boshqa vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda tomonlar startap ekotizimini yaratish va O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildilar, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni yanada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar. Bundan tashqari, muloqot ishtirokchilari O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
18-avgust kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida KOICA bilan birgalikda raqamlashtirish va startap ekotizimiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda IT Park direktori o‘rinbosari Amaliya Ergasheva nutq so‘zlab, seminar qatnashchilariga ishtiroki uchun hamda xorijiy hamkorlarga ko‘rsatgan yordami uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Seminarda KOICA ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Koreyadan loyihalarni boshqarish bo‘yicha hamkorlar, O‘zbekistondan hamkor tashkilotlar va tegishli davlat organlari, jumladan, AKT, Savdo-sanoat palatasi, Innovatsiyalar vazirligi va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar davomida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘rib chiqildi. Shu tariqa, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi “O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rag‘batlantirish ekotizimini yaratish” loyihasi,
IT Park – “O‘zbekistonda IT-parkning barqaror rivojlanishi uchun poydevor yaratish va salohiyatini mustahkamlash” loyihasi,
KOICA va TATU: “Toshkent axborot texnologiyalari universitetida IT-ta’limning innovatsion tizimini yaratish” loyihasi ustida ishlamoqda.
Seminar davomida barcha tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan bir STEP tashabbusi – O‘zbekistonda startaplar va texnologik ekotizimlarni rag‘batlantirish dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish va ekotizimni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida qaror qabul qilindi.
STEP dasturi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish hamda raqamlashtirishni rivojlantirish va axborot texnologiyalarini kuchaytirish orqali startaplarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Uchta loyiha xususiy, jamoat va akademik doiralar oʻrtasidagi sheriklik shaklida oʻzaro bogʻlanganligi sababli, seminar loyihalar oʻrtasida bogʻlovchi boʻlib xizmat qildi va almashinuv orqali AKT va startaplar sohasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish boʻyicha hamkorlik platformasini yaratdi.
2022-08-22