Janubiy Koreyaning Deeper I kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari xizmatlar eksportini rivojlantirish boshqarmasi rahbari Jahongir Kagirov boshchiligida Janubiy Koreyaning “Deeper I” kompaniyasi bosh direktori Li Sang Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi va mahalliy sun’iy intellekt kompaniyalari bilan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Deeper I ——2017-yilda Seulda asos solingan Janubiy Koreyaning sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyasi. U aqlli qurilmalar va AIoT ilovalarida sun’iy intellektni qo‘llash imkonini beruvchi AI-yechimlari va yengil neyron protsessorlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya texnologiyalari past energiya sarflaydigan qurilmalarda ham real vaqt rejimida qaror qabul qilishni ta’minlaydi.

Kompaniya sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish sohasida hamkorlik uchun mahalliy hamkorlarni faol ravishda izlamoqda. Tashrif doirasida “Deeper I” vakillari IT Parkning rezident kompaniyalaridan biri bilan dastlabki uchrashuvni o‘tkazib, unda hamkorlikning ehtimoliy shakllari, jumladan, qo‘shma pilot loyihalar va tajriba almashish masalalari muhokama qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Bunga qadar, 2025-yil iyun oyida birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.

IT Park Uzbekistan xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun qulay sharoitlar yaratib, yuqori texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Bunday tashabbuslar mahalliy sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ilg‘or bilimlarni almashishga xizmat qiladi. IT Park bunday loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning barqaror integratsiyasi va O‘zbekistonning eksport salohiyatini yuksaltirishda ko‘maklashishga tayyor.

2025-07-23