Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Jizzax viloyatida yangi eksportchi rezidentlardan biri – WEBAPP kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur kompaniya IT Park rezidentlariga berilayotgan imtiyozlar va qulay infratuzilma yordamida qisqa vaqt ichida shakllanib, dastlabki bosqichdayoq Germaniyaga IT xizmatlari eksportini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.
WEBAPP asosan veb-ilovalar, biznes jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan dasturiy yechimlar, texnik qo‘llab-quvvatlash va mijozlar uchun moslashtirilgan IT xizmatlarini taqdim etadi. Yevropa bozoriga chiqish kompaniya uchun muhim tajriba bo‘lib, ayniqsa, Germaniya kabi yuqori sifat talablari mavjud bo‘lgan davlat bilan ishlash ular uchun yangi bosqichni boshlab berdi.
Uchrashuv davomida kompaniya rahbari amalga oshirilayotgan loyihalar, mijozlar talablarining o‘ziga xos jihatlari, Yevropa IT xizmatlari bozoridagi raqobat muhiti va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, 2026-yilgacha kompaniya eksport hajmini 250 ming dollarga yetkazish bo‘yicha aniq strategik maqsadlarini taqdim etdi. Bunda xizmat turlarini kengaytirish, mutaxassislar sonini oshirish va Germaniya bozoridan tashqari qo‘shimcha Yevropa davlatlariga ham chiqish rejalari qayd etildi.
Vazir WEBAPPning eksportga yo‘naltirilgan faoliyatini ijobiy baholab, kompaniya oldida katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xorijiy mijozlar bilan ishlashda xizmat sifati, jarayonlar shaffofligi va tezkorlikni ta’minlash muhimligini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, IT Park tomonidan mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanish hamda eksportni kengaytirishga xizmat qiladigan qo‘shimcha takliflar berdi.
Uchrashuv yakunida kompaniyaning keyingi rivojlanish bosqichlari, eksportga ixtisoslashgan loyihalarni ko‘paytirish va mahalliy mutaxassislarning xalqaro darajadagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
2025-12-04