2023-yilning 7—9-iyul kunlari O‘zbekistonda birinchi “Digital Leadership Forum” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab BPO va IT-kompaniyalari vakillari, xorijiy mehmonlar va butun dunyodan ekspertlar ishtirok etdi.
Forum doirasida BPO va IT xizmatlari orqali strategik iqtisodiy rivojlanishga bag‘ishlangan maxsus sessiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya doirasida O‘zbekistonning IT-autsorsing sohasidagi eng jozibador yo‘nalishi sifatidagi salohiyatini namoyish etish maqsadida IT xizmatlari eksporti hajmini oshirishga e’tibor qaratildi.
Forum doirasida hozirda 3000 dan ortiq mutaxassis mehnat qilayotgan “NearSol” BPO kompaniyasi asoschisi Viktor Pereda bilan B2B formatida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonda kompaniya ofisini ochish va IT Park rezidenti maqomini olish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, ofis xonalari bilan ta’minlash, jihozlash, malakali mutaxassislarni tanlash va ishga joylashtirishda ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
“Menimcha, bizning bozor turli takliflar bilan toʻlgan, men mijozlarimizga hali kam odam biladigan yangilikni taqdim etmoqchiman. Oʻzbekiston bu toifaga juda mos keladi: mamlakat katta salohiyatga ega va men sizda mavjud mehnat resurslari juda kuchli, deb hisoblayman”, - deya fikr bildirdi Viktor Pereda.
NearSol – 2006-yilda tashkil etilgan xalqaro BPO kompaniyasi. Uning portfelida mijozlarga xizmat ko'rsatish, back-ofisni qo‘llab-quvvatlash, marketing va sotish kabi keng ko‘lamli takliflarni o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning yillik aylanmasi 950 million dollarni tashkil etadi va bosh qarorgohi Kaliforniyada joylashgan.
2023-07-21