Kanadaning Corpshore Solutions kompaniyasi O‘zbekistonda ofisini ochmoqda

Istiqbolli loyihalar ofisi rahbari Azamat Rahmonzoda boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari kompaniya bosh direktori Frenk B. Prempex II rahbarligidagi “Corpshore Solutions” delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida tomonlar IT Park rezidenti maqomini olish jarayonini yakunlash va kompaniyaning O‘zbekistonda ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Corpshore Solutions — BPO, IT-autsorsing va raqamli transformatsiya sohasidagi xalqaro kompaniya bo‘lib, bosh qarorgohi Kanadaning Toronto shahrida joylashgan. Kompaniyada 5000 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi va ofislari dunyoning sakkizta mamlakatida faoliyat yuritmoqda. “Corpshore Solutions” kompaniyasi “Fortune 500” ro‘yxatidagi korporatsiyalar, kichik va o‘rta biznes, shuningdek, startaplar bilan hamkorlik qilib, ularga operatsion samaradorlik va barqaror o‘sishga erishishda yordam beradi.

So‘nggi oylar davomida IT Park Uzbekistan va “Corpshore Solutions” hamkorlik istiqbollari bo‘yicha faol muzokaralar olib bordi. Kompaniya rahbariyati mamlakatning kadrlar salohiyatiga qiziqish bildirib, IT Park rezidenti maqomini olish uchun “One-Stop-Shop” dasturiga ariza topshirdi. Uchrashuvda “Corpshore Solutions” o‘z mijozlarini noyabr oyida O‘zbekistonga olib kelib, pilot loyihani boshlashni rejalashtirayotgani tasdiqlandi.

Frenk B. Prempex II birinchi bosqichda kompaniya 500–1000 ish o‘rniga ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassislarni yollash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. Tomonlar, shuningdek, infratuzilmaviy va tashkiliy yordam ko‘rsatish, jumladan, ofis binolaridan foydalanish va xodimlarni tanlashda ko‘maklashish masalalarini muhokama qildilar.

“Corpshore Solutions” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga autsorsing sohasiga yangi investitsiyalarni jalb qilish, mahalliy mutaxassislar uchun yuzlab ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekistonning mintaqadagi istiqbolli raqamli va BPO-xizmatlari markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.

2025-09-24