IT Park Uzbekistan vakillari, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova rahbarligida “Incepta Solutions” delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda delegatsiyaga kompaniyaning texnik direktori Ishtiyak Ahmed boshchilik qildi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini muhokama qildilar va autsorsing loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida mamlakatda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Incepta Solutions — 2010-yilda tashkil etilgan Kanada konsalting kompaniyasi. Kompaniyada 150 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi, yillik daromadi esa 20 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi. Kompaniya raqamli transformatsiya, korporativ arxitektura, API boshqaruvi, bulutli yechimlar va avtomatlashtirish sohalariga ixtisoslashgan. “Incepta” “Salesforce”, “MuleSoft” va “Boomi” kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi, bosh qarorgohi Toronto shahridada joylashgan bo‘lib, AQSh, BAA, Hindiston va Bangladeshda ham vakolatxonalari mavjud.
“Incepta Solutions” vakillari O‘zbekistonning kadrlar salohiyati afzalliklarini alohida e’tirof etishdi. Kompaniya avvalroq o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar bilan suhbatlar o‘tkazgan va ularning yuqori malakasini qayd etgan.
“Incepta” kompaniyasining mamlakatda uzoq muddatli faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlik yo‘nalishlari orasida shartnomalar autsorsingi, qo‘shma xizmat ko‘rsatish operatsiyalarini tashkil etish, fintech va bulutli texnologiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Soliq imtiyozlari, bepul ofis maydonlari va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonni xalqaro IT-kompaniyalar uchun jozibador manzilga aylantirayotgani ta’kidlandi.
“Incepta Solutions” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga Kanadaning IT-investitsiyalari uchun istiqbolli markaz sifatida mamlakat mavqeini mustahkamlash, yangi shartnomalarni jalb qilish va mahalliy mutaxassislar uchun ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, mintaqada moliyaviy texnologiyalar va bulutli ekotizimni rivojlantirishni jadallashtirish imkonini beradi.
2025-09-26