IT Park Uzbekistan’da xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova xalqaro “NTG Clarity Networks Inc.” kompaniyasi vitse-prezidenti Ashraf Adel Zaglul bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar O‘zbekistonda “NTG” ofisini tashkil etish istiqbollari hamda raqamli infratuzilma va autsorsing yechimlari sohasida uzoq muddatli hamkorlikni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
NTG Clarity Networks Inc. — 1992-yilda asos solingan Kanadaning yetakchi kompaniyasi bo‘lib, telekommunikatsiya IT-yechimlari, OSS/BSS-tizimlari, billing platformalarini ishlab chiqish hamda boshqariladigan xizmatlarni taqdim etish va autsorsing sohasiga ixtisoslashgan. Hozirda “NTG” tarkibida 400 nafardan ziyod yuqori malakali xodim faoliyat yuritadi va kompaniyaning yillik aylanmasi 45 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi. Bosh ofis Kanadaning Ontario shtatidagi Markham shahrida joylashgan, shuningdek Misr, Saudiya Arabistoni va Ummon davlatlarida ham vakolatxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv davomida “NTG” kompaniyasining IT Park Uzbekistan rezidentligi masalalariga, shuningdek “Raqamli O‘zbekiston – 2030” milliy dasturi doirasida kompaniyaning kelajakdagi loyihalarini joriy etishning mumkin bo‘lgan yo‘llariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamaning asosiy mavzusi mamlakatda “NTG” ofisini ochish masalasi bo‘ldi. Bu nafaqat mamlakat ichida loyihalarni amalga oshirish, balki O‘zbekistondan Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqish uchun IT-hab sifatida foydalanish imkonini beradi.
“NTG Clarity Networks” kompaniyasi O‘zbekistondagi investitsiya muhitining jozibadorligi, xizmatlarning raqobatbardosh narxi va IT-mutaxassislarni tayyorlashning yuqori darajasini alohida ta’kidladi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning raqobatdosh ustunliklarini hisobga olgan holda autsorsing va BPO-xizmatlar yo‘nalishini rivojlantirish, hamda xalqaro bozorlarda ishlash uchun mamlakatning ko‘p tilli kadrlar salohiyatidan foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Potensial hamkorlik “NTG” uchun ham, O‘zbekiston uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi: yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi va mamlakatning ishonchli texnologik hamkor sifatidagi xalqaro nufuzi mustahkamlanishi uchun zamin yaratdi.
2025-09-24