IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi direktori Shin Myong Sop boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda hamkorlikning oraliq natijalari, shuningdek, birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda IT Parkning barqaror o‘sishi uchun poydevor yaratish va salohiyatni mustahkamlash” dasturining samaradorligi muhokama qilindi.
Loyiha O‘zbekistonda IT-infratuzilmasini rivojlantirish va barqaror raqamli ekotizimni yaratishga, shuningdek, xalqaro hamkorlik va tajriba almashishni mustahkamlashga qaratilgan. Loyiha doirasida IT Parkning faoliyat yuritishining barqaror modeli ishlab chiqildi, IT Park xodimlari va rezident kompaniyalarning malakasini oshirish bo‘yicha treninglar tashkil etilmoqda, texnoparkning samarali ishlashi uchun uskunalar va tarmoqlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda.
Loyihada koreyalik ekspertlar va mahalliy mutaxassislar o‘rtasida tajriba va g‘oyalar almashinuviga ko‘maklashadigan netvorking tadbirlari muhim o‘rin tutadi. Bunday tadbirlar qatoriga O‘zbekiston IT-bozoriga e’tiborni jalb qilish, hamkorlik va autsorsing uchun yangi imkoniyatlar ochishga qaratilgan konferensiyalar va biznes-forumlar kiradi.
Tomonlar 2024-yilda loyihaning joriy rivojlanishini muhokama qildilar. Uning doirasida IT Park xodimlari va rezidentlari uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ikkita trening va texnik o‘quvlar o‘tkazildi, shuningdek, Koreya tomoni ishtirokida netvorking uchrashuvlari tashkil etildi.
Hamkorlik doirasida qo‘shimcha ravishda ikkita yirik tadbir ham birgalikda o‘tkazildi: 2024-yil 24-may kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” va 2024-yil 19-sentyabrda “ICT Week Uzbekistan 2024” doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Koreya IT-biznes-forumi. Ushbu tadbirlar ikki mamlakat IT-sohalari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qildi.
Qo‘shma loyihalar uchun yangi takliflar, shuningdek, O‘zbekistonda barqaror va raqobatbardosh IT-muhitni rivojlantirishga qaratilgan treninglar va xalqaro tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. “KOICA” IT-sanoatida hamkorlik qilish va O‘zbekiston hamda Koreya o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bu esa tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi hamda uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonning raqamli ekotizimini kuchaytiradi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston IT-sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy mutaxassislarning malakasini yuksaltirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, bu esa mamlakatning mintaqadagi IT-markaz sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi. Faol ikki tomonlama sheriklik tufayli bugungi kunda Koreya IT-kompaniyalarining O‘zbekistondagi ishtiroki ortib bormoqda, IT-xizmatlar eksporti esa 4,3 barobarga – 2023-yildagi 600 ming dollardan 2024-yilda 2,6 million dollargacha o‘sdi.
2024-10-10