11-12 sentyabr kunlari Toshkentda O‘zbekistonning keng ko‘lamli biznes imkoniyatlarini namoyishetgan “Korea-Uzbekistan ICT Industry Conference” bo‘lib o‘tdi. Tadbir Koreyaning AKTni rivojlantirish milliy agentligi tomonidan Koreya IT sohasini rivojlantirish assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Koreya biznes doiralarining katta qiziqish bildirishi ushbu tadbirning mamlakatlar o‘rtasidagi IT-xizmatlar sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Konferensiyani IT Park’ning IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Maxliyo Muksinova va “NIPA” (National IT Industry Promotion Agency) prezidenti Xur Sun Vuk ochib berdilar.
Rahbarlar uchrashuvi ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, har ikki davlat kompaniyalari va AKT sohasini qo‘llab-quvvatlash, marketing faoliyatiga ko‘maklashish va o‘zaro yordam ko‘rsatishga qaratildi.
O‘zbekistondagi barqaror siyosiy vaziyat, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash va qulay ishbilarmonlik muhiti, shuningdek, ko‘plab iste’dodli mutaxassislarning mavjudligi kompaniyalarga tez sur’atda rivojlanish va butun dunyo bo‘ylab mijozlarga samarali xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Konferensiyada Koreyaning beshta kompaniyasi ishtirok etdi:
O‘zbekiston konferensiya ishtirokchilariga biznes yuritish uchun jozibador shart-sharoitlarni taqdim etdi. Bular qatoriga korporativ va ijtimoiy soliqlardan, QQSdan ozod qilish, dividend solig‘ini 5 foizgacha va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 7,5 foizgacha pasaytirish kiradi. Shuningdek, kompaniyalarga ustuvor biznes vazifalariga e’tibor qaratish va O‘zbekistonning istiqbolli IT-bozoriga kirishda xavflarni kamaytirishga yordam beradigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari — “Zero Risk”, “Softlanding” va “Regional HQ” ham taqdim etildi.
Konferensiyaning asosiy dasturidan so‘ng O‘zbekiston va Koreya kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda 20 dan ortiq IT Park Uzbekistan rezidentlari ishtirok etdi. Ushbu muzokaralar doirasida Koreya texnologiya sektori vakillari O‘zbekiston korxonalariga autsorsing buyurtmalarini berishga katta qiziqish bildirdilar.
Koreya kompaniyalari O‘zbekistonning ta’lim darajasi va kadrlar zaxirasining yuqoriligini alohida ta’kidladilar. Bu zaxira 21 million mehnatga layoqatli aholini o‘z ichiga oladi. Ulardan 5 millioni ingliz tilini biladi va 102 ming nafari koreys tilida erkin so‘zlashadi. Respublikaning inson kapitali uni raqamli texnologiyalar sohasida o‘z biznesini kengaytirishni istagan kompaniyalar uchun ideal joyga aylantiradi.
Konferensiya O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi bilan yakunlandi. Bunday tadbirlar O‘zbekistonni autsorsing va IT-biznes uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida jahon maydonida ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi. Ular ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va kasbiy tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va fuqarolarning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
2024-09-12