2023-yilning 3-iyul kuni “IT Park Uzbekistan”ga Koreya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi – janob Kim Xi Sang, Koreya Respublikasi elchixonasining birinchi kotibi Xo In Su, Koreya-O‘zbekiston taraqqiyoti markazi rahbari Koh Taek Jin, KOTRA direktori U Sang Min va KOICA direktori Pak Sun Jin tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad - IT Parkning kelgusidagi hamkorligini muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekistonning AKT yo‘nalishi bilan yaqindan tanishish.
Mehmonlarni IT Park ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov, IT Park bosh direktori o‘rinbosari Mahliyo Muksinova, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Mirjalilova, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar departamenti bosh menejeri Akbar Mustafoyevlar kutib oldi.
Abdulahad Kuchkarov uchrashuv ishtirokchilarni qutlar ekan, o‘zining kirish so‘zida mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyati haqida so‘zlab berdi, uning maqsad va yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi.
Janob Kim Xi Sang O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, uning mintaqaviy rivojlanish masalalariga qiziqish bildirdi.
Abdulahad Kuchkarov mehmonlarga infratuzilmani rivojlantirish, IT Park rezidentlari, shuningdek, hududlardagi IT-markazlar faoliyati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, u nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham ishlab chiqilayotgan va amaliyotga qo‘yilayotgan turli loyihalar va kompaniyalar, shuningdek BPO sektori haqida ma’lumot taqdim etdi.
Soʻngra janob Kim Xi Sang IT Park rahbariyatiga Koreya Savdo va investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (KOTRA) rahbari janob U Sang Minni tanishtirdi. Uchrashuvda IT Park va KOTRA o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar so‘nggida mehmonlarga IT Park infratuzilmasi tanishtirildi, shuningdek, esdalik sovg‘a taqdim etildi. Kelgusida IT Park Koreya elchixonasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, bir qancha qoʻshma loyihalarni, jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun: KOTRA – notijorat tashkilot bo‘lib, 1962-yil 21-iyunda Koreya hukumati tomonidan Koreya va boshqa davlatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. 50 yildan ortiq vaqt davomida KOTRA butun dunyodan manfaatdor kompaniyalarga Koreya Respublikasi bilan biznes aloqalarini rivojlantirishda yordam berib kelmoqda.
O‘z vazifalarini samarali bajarish uchun KOTRA xorijiy vakolatxonalarning keng tarmog'ini yaratdi. Ayni paytda dunyoning 84 davlatida 129 ta vakolatxonasi mavjud.
2023-07-06