Londonga tashrif yakunlari: yangi kelishuvlar va xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Londonda uch kunlik ish dasturini amalga oshirdi. Dastur doirasida xalqaro texnologik va autsorsing kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, “Call & Contact Centre Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etildi, shuningdek “Uzbekistan Outsourcing Conference” konferensiyasi tashkil qilindi.

Tashrif davomida bir qator dastlabki kelishuvlarga erishildi, ofislarni joylashtirish, ilmiy-tadqiqot markazlarini ochish va O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish tasdiqlandi.

Uzbekistan Outsourcing Conference: hamkorlikni mustahkamlash va yangi kelishuvlar

Tashrifning asosiy voqeasi O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri bo‘ldi. Unda Infosys, Salesforce, IBM, Deloitte, Innowise, Persistent Systems va sanoatning boshqa yirik vakillari kabi 50 dan ortiq kompaniyadan 70 nafardan ziyod mehmon ishtirok etdi.

Konferensiya davomida IT Park Uzbekistan faoliyati taqdim etildi va xalqaro hamkorlarning ma’ruzalari tinglandi. Dastur doirasida mamlakatning kadrlar salohiyati, O‘zbekiston xizmat ko‘rsatish tizimining raqobatbardosh ustunliklari, eksport infratuzilmasini shakllantirish va xalqaro kompaniyalar tomonidan biznesni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ravshan Usmonov, “Academia Park London” bosh direktori Ata Argyuder, “AttoLabs AG” bosh direktori Gufron Atto, “Coursera” kompaniyasining EMEA mintaqasidagi mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Vera Ignateva, “Montfort” asoschisi Jeyms Olli, “Antal International” asoschisi Entoni Gudvin, IT Park vakillari — Fayzulla O‘lmasov va Sarvar Vohidov, shuningdek, “IT Park Ventures” direktori o‘rinbosari Dalerxon Nodirov ishtirok etdi.

Tadbir doirasida “Academia Park London Ltd” bilan o‘zbek startaplarini rivojlantirish, global investorlarni jalb qilish, tajriba almashish va O‘zbekiston ekotizimining xalqaro ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, konferensiyada Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar tomonidan asos solingan “Datox” startapi bilan investitsiya shartnomasi imzolandi. Ushbu kelishuv “IT Park Ventures” fondining xorijda innovatsion mahsulotlar yaratib, ularni xalqaro bozorga olib chiqayotgan o‘zbekistonlik asoschillarni qo‘llab-quvvatlash strategiyasining bir qismi bo‘ldi.

Konferensiya yakunida bir qator kompaniyalar muzokaralarni davom ettirishga qiziqish bildirdi va O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatini tasdiqladi. Tadbir mamlakatning autsorsing uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamladi va xalqaro qiziqishni oshirdi.

“Call & Contact Centre Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etish va xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar

Londonga tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Call & Contact Centre Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etib, xalqaro kompaniyalar uchun O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va biznes jarayonlarini autsorsing qilish sohasidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. Ishtirok natijasida TCC, “First Voice”, “Peak Outsourcing” va “Simply Contact” kabi bir qator kompaniyalar bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Ko‘rgazmada ishtirok etishdan tashqari, delegatsiya “Network Science”, “Arqa Technologies”, “Academia Park”, “Propelis” va boshqa potensial hamkorlar kabi bir qator texnologik, autsorsing va konsalting kompaniyalari vakillari bilan B2B uchrashuvlarini o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida “Persistent Systems”, “Exceed”, “Global Remote Services” va “Simply Contact” kabi yirik xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirishga yuqori qiziqish bildirdi. Kompaniyalar mamlakatning IT-jamoalar, autsorsing markazlari va muhandislik bo‘linmalarini rivojlantirish uchun salohiyatini ta’kidladilar. Bu esa kelgusida ma’lumot almashish va muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga asos bo‘ldi.

Safar natijalari

Londonga xizmat safari O‘zbekiston brendini xalqaro texnologiya maydonida ilgari surish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Tadbirlar istiqbolli hamkorlar doirasini shakllantirish, milliardlab dollarlik aylanmaga ega korporatsiyalarda qiziqish uyg‘otish, shuningdek, mamlakatning kadrlar, infratuzilma va investitsiya sohalaridagi imkoniyatlarini namoyish etish imkonini berdi.

IT Park Uzbekistan uchun mazkur tashrif eksport geografiyasini kengaytirish va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi texnologiya va xizmat ko‘rsatish markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi.

2025-11-25