“MAAB Innovation” kompaniyasiga tashrif uyushtirildi

“Offshore Outsourcing Tour 2024” tadbiri doirasida Toshkent shahrida joylashgan va biznes-tahlil xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan IT Park rezidenti — “MAAB Innovation” IT-kompaniyasiga tashrif uyushtirildi.

Taqdimotda kompaniya bosh menejeri Bahrom Oliyev kompaniyaning mahsulotlari va sheriklik dasturlari haqida maʼlumot berdi. 2017-yilda asos solingan “MAAB Academy” ning taʼlim faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mutaxassislarning 400 dan ortigʻi AQShda, 300 nafari esa Oʻzbekistonda tahsil olib, “Google”, “Microsoft” va shu kabi nufuzlik korporatsiyalarda muvaffaqiyatli ishga joylashgan.

Bahrom Oliyev isteʼdodlarni tanlashning oʻziga xos usuli boʻlgan “Talent Plant Test” (TPT), shuningdek, “MAAB Innovation” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari, jumladan, loyihalar bilan ishlash, autstaffing va tajribasiz mutaxassislar uchun amaliyot dasturlari haqida maʼlumot berdi.

IT Park vakillari kompaniya IT Park rezidentlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim rol oʻynashini taʼkidladilar.

Tadbir qatnashchilari “MAAB Innovation” kompaniyasi loyihalari va mahsulotlari bilan tanishish, shuningdek, kompaniyaning xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro aloqalari, oʻqitish usullari va kadrlar salohiyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha savollar berish imkoniga ega boʻldilar. “MAAB Innovation” kompaniyasi ofisiga uyushtirilgan tashrif tadbir ishtirokchilari va kompaniya oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va tajriba almashishda muhim bosqich boʻldi.

2024-03-19