IT Park Uzbekistan vakillari, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligida “UI Platinum Group” bosh direktori Muhammad Nafis bin Abdul Mois bilan uchrashdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, vakolatxona ochish va Malayziyaning IT hamda BPO-kompaniyalarini mamlakatga jalb etish bo‘yicha amaliy qadamlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
UI Platinum Group SDN. BHD. — 2018-yilda Kuala-Lumpurda tashkil etilgan Malayziya kompaniyasi. Tashkilotda 200 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Kompaniya startaplardan tortib yirik korporatsiyalargacha bo‘lgan korxonalar uchun rivojlanish, boshqaruv va kasbiy ta’lim sohalarida keng qamrovli yechimlarni taqdim etadi. Asosiy yo‘nalish — tashkilotlarga raqamli davrda tezroq kengayish va barqaror o‘sishga erishishda yordam beradigan sun’iy intellekt yechimlari va avtomatlashtirish platformalarini yaratishdir.
Muzokaralar doirasida “UI Platinum Group” vakillari Malayziyaning 10 ta IT va BPO-kompaniyasini O‘zbekistonga olib kelishga tayyorliklarini bildirdilar. Ularning O‘zbekistonda faoliyat yuritishlari uchun sharoit yaratish, jumladan, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadrlar tanlash va infratuzilmani tashkil etishda IT Park Uzbekistan tomonidan ko‘rsatiladigan yordam masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya bosh direktori Muhammad Nafis O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasidagi yuqori salohiyati va autsorsing loyihalarini joylashtirish uchun raqobatbardosh afzalliklarini ta’kidladi. U mahalliy mutaxassislarning tayyorgarlik darajasiga hamda O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro IT-tizimlarga integratsiyasi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
“UI Platinum Group” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga nafaqat yangi xalqaro hamkorlarni jalb qilish, balki IT-xizmatlar eksportini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning Markaziy Osiyodagi istiqbolli raqamli markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratadi.
2025-10-02