Markaziy Osiyo global texnologiya maydonida: GITEX Europe 2025 yakunlari

IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya “GITEX Europe 2025” xalqaro texnologiya forumida ishtirok etdi. Forum doirasida Farhod Ibragimov “Caucasus Meets Central Asia: The Rise of Eurasia’s Next Tech Powerhouse” mavzusidagi panel muhokamasida qatnashdi, shuningdek, bir qator nemis kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

“GITEX EUROPE 2025” — 100 dan ortiq mamlakatdan 40 000 nafardan ziyod mutaxassisni jamlagan Yevropaning eng yirik texnologik tadbiri hisoblanadi. “Astana Hub” va IT Park Uzbekistan — “Central Asian Innovation Hubs” 17 ta o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik startapni taqdim etdi.

O‘zbekiston davlat, ta’lim va korporativ sektorlar uchun keng ko‘lamli texnologik yechimlarni namoyish etdi. Ular orasida:

  • “FIDO-BIZNES” va “Corporate Solutions Group” — davlat tuzilmalari va biznes uchun dasturiy yechimlar ishlab chiqaruvchilari;
  • “Unitlab AI” — “Google”, “NVIDIA” va “500 Global” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan sun’iy intellekt startapi bo‘lib, maxsus modellar va infratuzilmani taklif qiladi;
  • “UZINFOCOM” — raqamli davlat xizmatlari milliy integratori;
  • “Evertech” — AI va SaaS startaplari uchun autstaffing jamoasi;
  • “EdSmart” — gibrid video studiyalar tarmog‘iga ega bo‘lgan ta’lim texnologiyalari platformasi;
  • “K-Tech” — binolarni boshqarish va energiya sarfini kamaytirish uchun IoT-yechimlari;
  • “Eskiz” — himoyalangan raqamli aloqa xizmati;
  • “Realsoft AI” — maxfiylik va federativ o‘qitishga e’tibor qaratgan holda sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya.

Tadbir doirasida asosiy texnologik yo‘nalishlarni qamrab olgan sakkizta qozoqistonlik startaplar taqdim etildi:

  • Beksar” — tahlil va savdoni avtomatlashtirish vositalariga ega chakana savdo yechimi;
  • Arlan Biotech” — antitanalarni tezkor yaratish uchun generativ sun’iy intellekt;
  • SmartGas” — yoqilg‘i sarfini 30% gacha kamaytirish imkonini beruvchi avtoparklar nazorat tizimi;
  • Alaqan Technologies” — xavfsizlik tizimlari va kontaktsiz to‘lovlar uchun kaft tomirlari bo‘yicha biometriya;
  • SHAI” — shaxsiy sun’iy intellekt agentlari va yordamchilarini yaratish uchun platforma;
  • QalaAI” — sun’iy intellekt va geotahlilga asoslangan shahar texnologiyalari yechimlari;
  • Hired Valley” — xodimlarni rivojlantirish platformasi;
  • AskAlem” — biznes uchun sun’iy intellekt yordamchilari.

“Qozog‘iston va O‘zbekistonning GITEX EUROPE 2025 tadbirida ‘Central Asian Innovation Hubs’ brendi ostidagi ishtiroki Markaziy Osiyoning jahon texnologik xaritasida innovatsion markaz sifatidagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatuvchi strategik qadamdir. Bu bizning birinchi qo‘shma chiqishimiz emas: ilgari biz Istanbuldagi ‘Eurasian Technology Week’ va ‘Dubai AI Week’ tadbirlarida kuchlarimizni birlashtirgan edik. Oldinda esa ‘London Tech Week’ va boshqa yirik xalqaro forumlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.

Bunday hamkorliklar mintaqaning nufuzini oshirish, mustahkam sheriklik aloqalarini o‘rnatish va startaplarga jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratadi. Biz shunchaki alohida loyihalarni emas, balki jahon miqyosida raqobatlasha oladigan yagona ekotizimni namoyish etmoqdamiz,” — deya ta’kidladi “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev.

Caucasus Meets Central Asia: The Rise of Eurasia’s Next Tech Powerhouse” mavzusidagi panel muhokamasida Farhod Ibragimov bilan birga Gruziya innovatsion texnologiyalar agentligi raisi Avtandil Kasradze, “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev, Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi ijrochi direktori Salar Imomadiyev ishtirok etdi. Armaniston Fan va texnologiyalar jamg‘armasi ijrochi direktori Syuzanna Shamakyan muhokamaga moderatorlik qildi.

Farhod Ibragimov O‘zbekistonning raqamli transformatsiya, eksport salohiyati va innovatsion ekotizimni shakllantirish sohasidagi yutuqlarini taqdim etdi:

“Biz qozog‘istonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda Markaziy Osiyoning yagona innovatsion makonini shakllantirish va mintaqani venchur investitsiyalari hamda startaplarni rivojlantirish uchun istiqbolli ekotizim sifatida taqdim etish maqsadida “Central Asian Innovation Hubs” alyansini tashkil etdik.

Bugungi kunda biz sezilarli natijalarga guvoh bo‘lmoqdamiz: xorijiy investorlarning mintaqaga qiziqishi ortdi, startaplar xalqaro akseleratsiya dasturlari orqali yangi bozorlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, O‘zbekiston esa “StartupBlink” reytingiga ko‘ra 12 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning eng yaxshi 100 ta startap ekotizimi qatoriga kirdi.

Bu bizning mintaqaviy hamkorlik va xalqaro integratsiyaga qaratilgan yo‘limiz strategik natijalar berayotganining aniq tasdig‘idir.”

Farhod Ibragimov asosiy tarkibiy yechimlardan biri IT Park’ning 14 ta hududiy filialini ochish bo‘lganini ta’kidladi. Bu innovatsiyalarni markazsizlashtirish va butun mamlakat bo‘ylab rivojlanish nuqtalarini yaratish imkonini berdi. Faqatgina 2025-yilning birinchi choragida hududlarda IT-kompaniyalar sonining o‘sishi ta’sirchan ko‘rsatkichlarga erishdi: Andijonda — 241%, Toshkent viloyatida — 229%, Samarqandda — 159%. Bugungi kunda hududlarda 1000 dan ortiq IT Park rezidentlari faoliyat yuritmoqda va ularning 70 tasi IT Park tomonidan yaratilgan infratuzilmada joylashgan.

Muhokama doirasida IT-kadrlarni tayyorlash va startap ekotizimini rivojlantirish mavzulariga ham e’tibor qaratildi. O‘zbekiston ikkala yo‘nalishda ham barqaror o‘sishni namoyish etmoqda: 2019-yildan beri IT sohasida band bo‘lganlar soni 62 000 dan 200 000 dan ortiq kishiga yetdi, 2024-yilda startaplarga kiritilgan investitsiyalar esa 69,5 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 11 barobar ko‘p. “One Million Uzbek Coders” dasturi, IT-markazlarni ochish tashabbuslari va “IT Park University” hamda “School 21” kabi oliy o‘quv yurtlarini ishga tushirish orqali O‘zbekiston malakali raqamli mutaxassislarni tayyorlash markaziga aylanmoqda.

Tashrifni tashkil etishda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov boshchiligidagi elchixonasi katta yordam ko‘rsatdi. Elchixonaning faol ishtiroki tufayli xalqaro aloqalarni kengaytirish va O‘zbekistonning IT salohiyatini oshirishga qaratilgan boy ishbilarmonlik dasturi shakllantirildi.

Tashrif doirasida elchixonaning bevosita ishtirokida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari - Schwarz Group, Giesecke+Devrient (G+D), Berlitz Corporation, Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft (DUWK) va IFA Next bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, bu Germaniya biznes hamjamiyati vakillari bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish imkonini berdi.

Yevropaning yirik chakana savdo xoldinglaridan biri bo‘lgan, tarkibiga “Lidl” va “Kaufland”, shuningdek, “Schwarz Digits” ixtisoslashtirilgan IT-bo‘linmasi kiruvchi “Schwarz Group” bilan, ayniqsa, Yevropaning boshqa markazlarida kadrlar taqchilligi sharoitida O‘zbekistonda IT-operatsiyalarni mahalliylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya O‘zbekistondan Osiyo va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun platforma sifatida foydalanishga qiziqish bildirdi.

Raqamli xavfsizlik sohasidagi “G+D” xalqaro kompaniyasi bilan uchrashuvda O‘zbekistonda vakolatxona ochish va IT Park rezidentiga aylanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. “G+D” vakillari IT-xizmatlarni autsorsing qilish va mamlakatda loyihalarni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

1878-yilda asos solingan va 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan til va madaniyat ta’limi bo‘yicha jahon yetakchisi — “Berlitz Corporation” bilan uchrashuvda BPO-kompaniyalari ehtiyojlari uchun mutaxassislarni nemis tiliga o‘qitish loyihasi taqdim etildi. 100-200 kishiga mo‘ljallangan tajriba dasturini ishga tushirish, keyinchalik 2030-yilgacha o‘qitilgan mutaxassislar sonini 10 000 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ost-Ausschuss” va “DUWK”, shuningdek, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakillari bilan Berlinda IT Park’ning asosiy tadbirini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

IFA Next” bilan alohida uchrashuv IT Park’ning Yevropaning startaplar va innovatsiyalar uchun eng yirik maydonlaridan biri bo‘lgan Berlindagi “IFA” texnologik ko‘rgazmasida ishtirok etishi imkoniyatiga bag‘ishlandi. “IFA” vakillari O‘zbekistonning ishtiroki mumkin bo‘lgan format, jumladan, biznes-panel, stend va B2B-uchrashuvlarini o‘tkazish konsepsiyasini taqdim etdilar.

IT Park Uzbekistan xalqaro aloqalarni kengaytirish va mamlakatning global texnologik platformalardagi ishtirokini mustahkamlashni davom ettiradi. “GITEX Europe” tadbirida qatnashish O‘zbekistonning xalqaro innovatsion ekotizimdagi muhim ishtirokchi sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.

2025-05-28