Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida inkubatsiya markazi ochildi!

Joriy yilning 14-aprel kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida IT Park bilan birgalikda ishga tushirilgan inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sadikov Shuxrat Muxamadjanovich, IT Park direktori Ibragimov Farhod, IT Park hududlarni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qo‘chqorov Abdulahad, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Jalolov Muzaffar, Toshkent shahridagi Amity universiteti rektori Abdullaev Bobur, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori Aripjonov Fayzulla, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlar filial professor-o‘qituvchilar tarkibi, iqtidorli talabalar, IT Park’ning Samarqand filiali tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar hamda filialning ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi bilan tanishdi.

Ochilish marosimi yakunida Sadikov Shuxrat Muxamadjanovich amalga oshirilgan loyihalarni yuqori baholadi, shuningdek, loyiha asoschilari bilan suhbatlashdi va ularga ishga oid maslahatlari va tavsiyalarini berdi.

Ma’lumot uchun:

Samarqand shahridagi ushbu inkubatsiya markazi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining barcha filiallari orasidagi eng birinchi markaz hisoblanadi. Qolaversa, ushbu  markaz viloyatdagi birinchi inkubatsiya markazidir. Hozirgi kunda butun respublika bo‘yicha 11 ta inkubatsiya markazi ochilgan, ulardan 7 tasi Toshkent shahrida, 3 tasi Qashqadaryo viloyatida va 1 tasi Samarqand viloyatida joylashgan.

2021-04-15