Muvaffaqiyatli start va kengayish uchun chek-list: Leap 2025 tadbiriga borishdan oldin IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun trening

Mahalliy kompaniyalarning xalqaro bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Local2Global” dasturi doirasida IT Park Uzbekistan xorijda biznesni kengaytirish uchun amaliy vositalar va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan chek-list ishlab chiqdi. Chek-listning maqsadi — samarali natijalarga erishish uchun vazifalarni tizimlashtirish va harakatlarni rejalashtirish.

Chek-listdan foydalanish bo‘yicha birinchi trening IT Park Uzbekistan mutaxassislari tomonidan rezidentlar va startaplarni “LEAP 2025” tadbirida ishtirok etishga tayyorlash uchun tashkil etildi. Treningda “Dataprizma LLC”, “Testbor.com”, “WellTech LLC”, “KPI.COM”, “EDSMART LLC”, “Onebuy Technology”, “iQtidorly”, “PDP EcoSystem”, “Sarmo Labs” va “XCDM” ishtirok etdi.

“LEAP” — bu ijobiy kelajakni yaratishda innovatsiyalarning cheksiz imkoniyatlarini ochish uchun jahon texnologik ekotizimini birlashtiradigan yirik tadbirdir. Forum butun dunyodan 1100 dan ortiq yetakchi ma’ruzachi, 1000 dan ortiq innovatsion eksponent va 215 000 dan ortiq tashrif buyuruvchini bir joyga to‘playdi.

“IT Park Uzbekistan — bu o‘z rezidentlariga xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini taqdim etadigan va ularni innovatsion fikrlashga undaydigan platforma, — dedi IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov. — Bunday tashabbuslardan biri kompaniyalarga yangi o‘sish nuqtalarini topish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va ularda muvaffaqiyatli ishlashga yordam beradigan ‘Local2Global’ dasturidir. Biz samarali qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish, kompaniyalarning o‘sishiga ko‘maklashish va ularning global maydondagi mavqeini mustahkamlashga intilamiz.”

 

Startaplar uchun chek-list nimalarni o‘z ichiga oladi?

  1. Bozorga kirishga tayyorgarlik:
  • Ingliz tilidagi veb-sayt yaratish.
  • LinkedIn profilini to‘ldirish.
  • Turli turdagi mijozlar uchun portfolio versiyalarini tayyorlash.
  • Ingliz va maqsadli bozor tilida vizit qog‘ozlarini ishlab chiqish.

 

  1. Ko‘rgazma va B2B tadbirlarida ishtirok etish:
  • Kompaniya profillari, taqdimotlar va videolarni tayyorlash.
  • Email va LinkedIn orqali dastlabki aloqalarni o‘rnatish.
  1. Marketing va reklama:
  • Tadbirda o‘z ishtirokini maqsadli ijtimoiy tarmoqlarda faol yoritish.
  • Tadbirdan keyingi strategiya: fotosuratlar, hisobotlar, CRM yangilanishlari.
  1. Logistika va tashkillashtirish:
  • Namoyish mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish va qadoqlash.
  • Uchrashuvlarni rejalashtirish va shaharning qo‘shimcha tadbirlarida ishtirok etish.
  • Netvorking-sessiyalarda qatnashish.

Trening doirasida xalqaro savdolar uchun mas’ul bo‘lgan professional jamoalarni rivojlantirish va xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kompaniyalar savdo va xalqaro aloqalarga ixtisoslashgan alohida bo‘linmalarni tashkil etishni rejalashtirmoqda, bu yerda xodimlar kompaniyani doimiy ravishda taqdim etadilar. Buning uchun bunday xodimlarni muvaffaqiyatli eksportga chiqish uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarga, jumladan, strategik rejalashtirish, muzokaralar olib borish, savdoni boshqarish va xalqaro standartlarni bilishga o‘rgatishga sarmoya kiritish muhimdir.

Trening davomida ishtirokchilar nafaqat chek-listlarni o‘z kompaniyalarining individual ehtiyojlariga moslashtirishdi, balki brendni strategik rivojlantirish, marketing jarayonlarini optimallashtirish va o‘z loyihalarini xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar olishdi. Ushbu vositalar kompaniyalarga global bozorda kuchli pozitsiyalarni egallashga, hamkorlar va investorlarning e’tiborini jalb qilishga, shuningdek, o‘z mahsulot va xizmatlarini samarali taqdim etishga ko‘maklashadi.

IT Park Uzbekistan o‘z rezidentlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, ularning o‘sishi va raqobatbardoshligini mustahkamlash uchun sharoitlar yaratmoqda. IT Park Uzbekistan mutaxassislari startaplarga asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish va ulkan maqsadlarga erishish uchun ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda yordam beradi.

2025-01-28