Navoiy viloyatida yangi IT markaz ochildi!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aholi va yoshlar tomonidan kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka jalb etishni koʻzda tutgan “Besh tashabbus”ning uchinchisini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aholi, ayniqsa, yoshlar tomonidan kompyuter texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratilishini maʼlum qildi.

Shunga koʻra, 2020-yil 2-noyabr kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yangi IT Markaz ochildi. Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Navoiy filiali Xatirchi tumani pochta aloqasi binosida ochildi. Tuman markazida joylashgan mazkur IT markazi, aholi uchun oʻziga xos qulaylik yaratadi.

Markaz barcha zarur texnik qurilmalar bilan jihozlangan. Xususan, kompyuterlashtirilgan oʻquv auditoriyasida yoshlarni kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslari boʻyicha oʻqitish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Markaz tuman maktablarining 5-11-sinfidan mingdan ziyod oʻquvchi, shuningdek, ish bilan band boʻlmagan yoshlarni oʻqishga jalb etish, AKT sohasidagi korxona va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirishga moʻljallangan.

Bundan tashqari, hozirda “One Million Uzbek Coders” loyihasida ishtirok etish uchun tuman yoshlarini jalb etish ishlari davom etmoqda. Ayni paytda Navoiy viloyati boʻylab mazkur platformada oʻn mingdan ziyod yigit-qiz roʻyxatdan oʻtgan. Xatirchi tumanida 335 nafar kishi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 57 nafari kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan.

Eslatib oʻtamiz, shu kungacha 54 ta IT markazi ochilgan. 2021-yil oxiriga qadar esa, Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab 203 ta IT markaz ochilishi rejalashtirilgan.

2020-11-04