Navoiyda IT Park filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yil 17-may sanasida Navoiy viloyati Sadriddin Ayniy ko‘chasi, 27-uyda IT Park filiali ochildi. Uning umumiy maydoni 450 m2 tashkil etadi. Filial IT Markaz, Meeting room, kibersport va robototexnika maydonlarini o‘z ichiga oladi.


Ochilish marosimida IT Park direktori Farhod Ibragimov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Atamurodov, “Revotech” IT kompaniyasi asoschisi Nodir Turdimatov hamda IT Park rezidentlari, frilanserlar, startap asoschilari va boshqalar ishtirok etishdi.

Mazkur filialda Navoiy viloyatida  kibersportni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib boriladi, kibersport turnirlari, master klasslar va shu kabi boshqa ko‘plab tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, filialda IT Park rezidentlari hisoblanuvchi IT kompaniyalar uchun katta Open Space mavjud.

IT Park filiali istiqbolli, intiluvchan va hamda muloqotga tez kirisha oladigan, startap loyihalarni ishlab chiqish qobiliyatiga ega o‘rta maktab va “Barkamol avlod” o‘quvchilariga mo‘ljallangan.

Shuni ham ta’kidlash joizki, IT Park delegatsiyasining Navoiy viloyatiga tashrifi davomida IT Park direktori Farhod Ibragimov IT Park rezidenti “Revotech” IT kompaniyasi asoschisi bilan birgalikda viloyat hokimi Qobul Tursunov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar so‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilgan ishlar va Navoiy viloyatidagi IT Park filialining istiqbollarini muhokama qilishdi.

Viloyatda 1 013 800 nafar yoshlar (7 yoshdan 30 yoshgacha) istiqomat qiladi. So‘nggi yillarda ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga jalb qilish bo‘yicha bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda. Hozirgi kunda Navoiy viloyatida ishga tushirilayotgan IT Park filiali ham yoshlarni ushbu sohaga jalb qiladi, ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar uchun bir qator afzalliklarni taqdim etadi, ularga o‘z loyiha va mahsulotlarini yanada keng darajada samarali amalga oshirishlariga yordam beradi, shuningdek, iqtisodiyot sektori va boshqa sektorlar hamda startaplarning muvaffaqiyatli joriy etilishini ta’minlovchi ko‘prik vazifasini bajaradi.

Qolaversa, filialning IT Markazlari viloyatning har bir shahar va tumanlarida mavjud. Ayni damda ushbu markazlar viloyatning 8 ta shahar va tumanlarida tashkil etilgan. Joriy yil oxiriga qadar yana 3 ta shahar va tumanlarda IT markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Ushbu markazlar robototexnika, kibersport hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida faoliyat yuritadi. Xususan, markazlarda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “One Million Coders” loyihasi hamda IT Park’ning boshqa ta’lim dasturlari bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi.

Navoiy viloyatidagi IT Park’ning yangi filialida yiliga 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olishi mumkin, va bu esa o‘z navbatida mintaqadagi IT mutaxassislar sonining ko‘payishi va yoshlar orasida axborot texnologiyalari sohasining ommalashishiga imkon yaratadi.

2021-05-17