Bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Janubiy Koreyaning “NX3 Games” kompaniyasi ijrochi direktori Pak Jin Ki boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar autsorsing, kadrlar tayyorlash va Koreyadan boshqa o‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
“NX3 Games” — 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘yinlarni ishlab chiqish va nashr etishga ixtisoslashgan. Uning eng mashhur loyihalari orasida “Rohan M”, “Avatara”, “LordNine”, shuningdek, Koreya va Tayvanda keng ommalashgan “Luna” o‘yini mavjud. So‘nggi reliz kompaniyaga atigi olti oy ichida 45 million dollardan ziyod daromad keltirdi. Hozirda kompaniya 450 dan ortiq xodimga ega bo‘lib, AQSh (Kaliforniya) va Xitoyda (Shanxay) o‘z studiyalariga ega.
Uchrashuvda tomonlar kengaytirilgan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, “NX3 Games” kompaniyasining Seuldagi bosh ofisi uchun o‘yinlarni ishlab chiqishda mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati bilan o‘yin ishlab chiqarish sohasidagi autsorsing jarayonlarining bir qismini O‘zbekistonga o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi. O‘yin sanoatida malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan qo‘shma ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Janubiy Koreyaning boshqa o‘yin kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
IT Park Uzbekistan mamlakatda o‘yin ishlab chiqarish yo‘nalishini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi texnologik markaz sifatida ilgari surishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni davom etmoqda.
2025-07-24