“Offshore Outsourcing Conference” doirasida ishtirokchilar O‘zbekistondagi IT-autsorsing sohasida faoliyat yuritayotgan asosiy kompaniyalarga tashrif buyurishdi. Ushbu tashriflar xalqaro mehmanlarga mahalliy bozor imkoniyatlari va xalqaro loyihalar uchun kadrlar salohiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Dyninno
Birinchi qism “Dyninno” bilan tanishuvni o‘z ichiga oldi. Unda OOC ishtirokchilari kompaniyaning haqiqiy ish muhitiga sho‘ng‘ib, uning muvaffaqiyatli amaliyotlari bilan tanishib, mutaxassislarning tayyorgarlik darajasini o‘rgandilar.
2004-yilda San Fransiskoda asos solingan “Dyninno Group” moliya sektori, ko‘ngilochar sanoat, shuningdek, sayohat va turizm sohalari uchun IT-yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Kompaniya AQSh va O‘zbekistondagi ofislaridan tashqari Kanada, Braziliya, Buyuk Britaniya, Italiya, Malta, Kipr, BAA, Misr, Turkiya, Hindiston, Vetnam va boshqa mamlakatlarda ham faoliyat yuritadi. “Dyninno Group” xodimlarining umumiy soni 4200 dan ortiq mutaxassisni tashkil etadi.
Tashrif chog‘ida guruhning mintaqaviy menejeri Davron Egamov kompaniya faoliyati haqida taqdimot o‘tkazib, Toshkentdagi ofis asosan sayyohlik biznesiga xizmat ko‘rsatishini, AQSh va Kanada bozorlarida mahsulot va xizmatlar taklif qilishini ta’kidladi. “Offshore Outsourcing Conference 2025” ishtirokchilari “Dyninno International” bilan kelgusidagi hamkorlik va autsorsing sohasida bilim almashish tashabbuslariga qiziqish bildirdilar.
TATU
So‘ngra xalqaro kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda IT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (TATU) tashrif buyurishdi. 1955-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti sifatida tashkil etilgan universitet katta rivojlanish va o‘zgarish yo‘lini bosib o‘tdi.
Bugungi kunda TATUda kompyuter va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televideniye texnologiyalari, pochta aloqasi texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 10 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Universitet Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, AQSh va Yevropa mamlakatlarining 30 dan ortiq yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Tashrif davomida delegatlar TATUning zamonaviy laboratoriyalari va o‘quv markazlari bilan tanishdilar, talabalarning tayyorgarlik darajasini baholadilar hamda IT-autsorsing sohasida hamkorlik qilish va tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Universitet rahbariyati raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi.
Uzinfocom
Dastur “Uzinfocom” kompaniyasiga tashrif bilan yakunlandi, unda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“Uzinfocom” mutaxassislari 1000 dan ortiq hukumat va davlat resurslaridan foydalanishni ta’minlaydi hamda .UZ domen zonasini boshqaradi.
Tashkilot tur ishtirokchilariga o‘zining asosiy mahsulotlarini taqdim etdi: “MyID vision” — yuz orqali odamni biometrik identifikatsiya qilish tizimi va “MyID Palm” — kaft venalari orqali odamni identifikatsiya qilish tizimi.
Bundan tashqari, kompaniya quyidagi istiqbolli loyihalarni namoyish etdi: “Samaradorlik.uz” — asosiy ko‘rsatkichlarga (KPI) erishishni to‘g‘ri rejalashtirish va boshqaruvning turli bo‘g‘inlari rahbarlari faoliyati samaradorligini hisobga olishni monitoring qilish, nazorat qilish tizimi; “Digital Energy” — elektr energiyasini hisobga olish va to‘lovning billing tizimi; “Token.uz” — biznes va davlat uchun blokcheyn platformasi; va “my.gov.uz” — yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.
Kompaniyalarga tashriflar O‘zbekistonda IT-autsorsing rivojlanishining yuqori darajasini, shuningdek, sohaning mahalliy va xalqaro ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatini ta’kidladi. IT Park Uzbekistan O‘zbekiston IT-kompaniyalarining global bozorga integratsiyalashuviga ko‘maklashish orqali mamlakat eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
2025-02-27