24-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov ishtirokida Koreyaning “E8ight” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“E8ight” — 2012-yilda tashkil etilgan Koreya IT-kompaniyasi boʻlib, bosh ofisi Seulda joylashgan va 2023-yil yakuni boʻyicha daromadi 16 million dollardan ziyodni tashkil etadi. Kompaniyaning asosiy faoliyati raqamli egizak platformani, u bilan keyingi ishlash uchun istalgan jismoniy obyektni raqamlashtirish imkonini beruvchi tizimni ishlab chiqishdan iborat. “E8ight” kompaniyasining faoliyati “dunyoni raqamlashtirish, birlashtirish va modellashtirish” korporativ missiyasiga asoslangan.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar hamkorlik va Oʻzbekistonda autsorsing ofisini ochish, ularning Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari Oʻzbekistonda faoliyat yuritishning afzalliklari va mamlakatning iqtisodiy barqarorligi haqida batafsil maʼlumot berishdi. “E8ight” kompaniyasi Oʻzbekistonda yangi ofis ochilishini uzoq va samarali hamkorlik yoʻlidagi dastlabki qadam sifatida, shu jumladan oʻzbekistonlik kadrlarning yuqori malakasi va Oʻzbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi tufayli baholamoqda.
Janob Shermatov bino va inshootlarning energiya samaradorligini nazorat qiluvchi, masalan, “Raqamli egizak” (Digital Twin) texnologiyasi, shuningdek, ofislarda energiya isteʼmoli va isitish tizimlarini boshqaradigan dasturiy yechimlarga boʻlgan talab nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni mamlakatlarda ham ortib borayotganini taʼkidladi. Ushbu fakt kompaniya qiziqishini oshirdi – “E8ight” kompaniyasi rahbari Kim Jin Xyun Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochish, respublikamizdan turib boshqa mamlakatlarga xizmat koʻrsatish uchun maqbul vaqt farqi tufayli samarali va iqtisodiy jihatdan foydali boʻlishini aytdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston hududlarda koʻplab isteʼdodli yoshlar borligini, Fargʻona, Qashqadaryo kabi viloyatlarda oʻz vakolatxonalarini ochishsa, “Zero Risk” dasturi orqali qulay va arzon ofis binolari hamda xodimlar bilan bogʻliq muammolarni uzoq yillarga tezda hal qilishlari mumkinligini qoʻshimcha qildi.
Kim Jin Xyun sentabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “ICT Week” tadbirida mamlakatning IT-landshafti bilan shaxsan tanishish va Oʻzbekistonni oʻrganish uchun shaxsan ishtirok etishini maʼlum qildi.
Oʻtgan uchrashuv Koreya IT-kompaniyalarining Oʻzbekistonga, xususan, kompaniyaning yangi ofislaridagi asosiy xodimlarni tashkil etuvchi mahalliy yosh mutaxassislarga boʻlgan qiziqishini tasdiqlaydi, shu bilan birga ularning ixtisoslik mahoratini yaxshilaydi. Koreya IT-kompaniyalari bilan kelgusi hamkorlik kelajakda Oʻzbekistonga yirik IT-kompaniyalar uchun xalqaro autsorsing maydoni sifatida yanada mashhurlik olib keladi.
2024-06-25