O‘zbekiston — global autsorsing markazi: IT Park Uzbekistan’ning Portugaliyaga tashrifi natijalari

Portugaliyaga tashrif va eng yirik xalqaro “SSOW 2025 Europe” forumida ishtirok etish doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz boshchiligidagi delegatsiya global kompaniyalar vakillari bilan 20 dan ortiq biznes uchrashuvlarini o‘tkazdi. Autsorsingni rivojlantirish, mintaqaviy ofislarni ochish, IT-xizmatlarni eksport qilish va O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

SSOW 2025 Europe 

Xalqaro forumda IT Park O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlari va “Zero Risk” tashabbusini taqdim etdi. “KPMG”, “McKinsey & Company”, “Infosys” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlarda O‘zbekistonda autsorsing markazlarini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Forum ishtirokchilarining yuqori qiziqishi global autsorsingning yangi o‘sish nuqtasi sifatida Markaziy Osiyoga bo‘lgan e’tibor ortib borayotganini tasdiqladi.

SSOW Europe 2025 — bu Yevropa va butun dunyo bo‘ylab Shared Services, xizmat ko‘rsatish va autsorsing markazlari sohasidagi mutaxassislar va ekspertlarni birlashtiruvchi yetakchi yillik konferensiya va ko‘rgazma hisoblanadi. Tadbir ilg‘or tajribalar almashish, dolzarb tendensiyalarni muhokama qilish va xalqaro kompaniyalar hamda investorlar vakillari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun platforma yaratadi.

MassMutual Romania

“MassMutual Romania” boshqaruvchi direktori Maykl Marker bilan uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistonga kirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning investitsion imkoniyatlarini, jumladan, IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqdilar. Maykl Marker iqtisodiy samaradorlik sharoitida mintaqada biznesni kengaytirishga qiziqish bildirdi. IT Park vakillari uni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “GBS Forum”da ishtirok etishga taklif qilishdi.

MassMutual AQShning eng yirik sug‘urta va moliya kompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Massachusets shtatining Springfild shahrida joylashgan. Kompaniyaning yillik daromadi 39 milliard dollardan oshadi, aktivlari 321 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi va butun dunyo bo‘ylab ofislarida 10 000 nafardan ortiq xodim ishlaydi, shu jumladan Ruminiyadagi muhim mintaqaviy markaz bilan birgalikda.

WSP

Uchrashuv davomida “WSP” vitse-prezidenti Reychel Rayan O‘zbekiston IT-ekotizimini o‘rganish va mamlakatda mintaqaviy ofis ochish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

WSP Global — loyihalash, muhandislik va boshqaruv sohasidagi eng yirik xalqaro konsalting kompaniyalaridan biri bo‘lib, bosh ofisi Monrealda joylashgan. Kompaniya 72 800 dan ortiq xodimga ega, yillik daromadi 16,2 milliard dollarni tashkil etadi va dunyoning 40 mamlakatida 700 dan ortiq ofislarga ega.

AICEP Portugal Global

Uchrashuv davomida IT Park delegatsiyasi O‘zbekistonning iqtisodiy va infratuzilmaviy afzalliklari, jumladan, IT-viza, soliq imtiyozlari va kadrlar salohiyatini taqdim etdi. “AICEP” vakillari hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “ICT Week” tadbiriga taklif qilindilar. Agentlik, shuningdek, Portugaliya kompaniyalarining mintaqaviy tashabbuslarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

AICEP Portugal Global — Portugaliyaning eksportni rag‘batlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha davlat agentligi bo‘lib, bosh ofisi Lissabonda joylashgan. Kompaniya 500 dan ortiq xodimga ega, yillik daromadi 71 million dollarga yaqin va dunyoning 50 mamlakatida vakolatxonalar tarmog‘iga ega.

OSQuay va ITUP

Kompaniyalar rahbariyati autsorsing va ta’lim dasturlari sohasida potensial hamkorlikka qiziqish bildirdi. Kompaniyalar vakillari O‘zbekistonni yangi operatsion baza sifatida ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Birinchi bosqichda ichki tahlil o‘tkazish va keyinchalik muzokaralarga qaytish rejalashtirilgan.

OSQuay va ITUp — raqamli yechimlar, autsorsing va konsaltingga ixtisoslashgan Portugaliyaning IT-kompaniyalaridir. Ularning bosh ofisi Lissabonda joylashgan, “OSQuay”da 70 dan ortiq xodim va “ITUp” kompaniyasida 5000 nafardan ziyod sertifikatlangan mutaxassis mehnat qiladi. Ular 10 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 2022-yildan beri global “iLink Digital” kompaniyasi tarkibiga kiradi.

BI4ALL

Kompaniya asoschisi Xyugo Pintu bilan uchrashuvda hamkorlik istiqbollarini baholash uchun hujjatlar to‘plamini tayyorlashga kelishib olindi. “BI4ALL”, shuningdek, O‘zbekistonda tahlil va raqamli yechimlar sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun IT akademiyasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

BI4ALL — ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt sohasidagi Portugaliyaning yetakchi IT-konsalting kompaniyasi bo‘lib, bosh ofisi Lissabonda joylashgan. Kompaniyada 350 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi, yillik daromadi 24,5 million yevroni tashkil etadi va xalqaro vakolatxonalarga ega, jumladan, Shveytsariyadagi ofisi hamda AQSH, Shveytsariya va boshqa mamlakatlarda loyihalari mavjud. 

IT Park Uzbekistan vakillari, shuningdek, “Cipher”, “Genpact”, “Appzen”, “NTT Data UK”, “PRGX”, “Didlogic”, “Digital Technology Hub”, “Linkare TI”, “IdeaSoft.io” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Asosiy mavzular O‘zbekistonda mintaqaviy ofislarni ochish istiqbollari, “GBS Forum” tadbirida ishtirok etish, Markaziy Osiyo bozoriga kirish va O‘zbekiston orqali eksport modellarining imkoniyatlarini o‘z ichiga oldi. Barcha kompaniyalar IT Park rezidenti bo‘lish imkoniyatlari, soliq imtiyozlari va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida ma’lumot oldilar.

Portugaliyaga tashrif O‘zbekistonni jahon xaritasida yangi texnologik hudud sifatida ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Xalqaro kompaniyalarning ortib borayotgan qiziqishi mamlakatning autsorsing, axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasidagi nufuzi mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. IT Park ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish va yangi rezidentlarni jalb etish bo‘yicha faoliyatini davom ettiradi.

2025-05-29