IT Park tashkil etilganidan so‘ng va mamlakatni raqamlashtirishga yoʻnaltirishdan keyingi bir necha yil ichida Oʻzbekistondagi IT-sanoati iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biriga aylandi. Bugungi kunda “Raqamli Oʻzbekiston 2030” strategiyasi doirasida respublika oldida toʻliq raqamli transformatsiya boʻyicha ulkan vazifalar turibdi, IT sohasining asosiy maqsadi esa — IT-xizmatlar eksporti hajmini yiliga $5 milliardga yetkazishdir.
Buning uchun mamlakatimizda xorijiy kompaniyalarni jalb etish va malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, IT-kompaniyalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus dasturlar va barcha turdagi imtiyoz va preferensiyalar yoʻlga qoʻyilmoqda.
Oʻsib borayotgan bozor hajmi va eksport diversifikatsiyasi
Oʻzbekiston IT-sohasi jadal oʻsish suratlarini qayd etmoqda: ushbu sohada 100 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi, bozor hajmi esa $1 milliardga yaqinlashmoqda.
2023-yilning 9 oyi davomida IT-xizmatlar eksporti hajmi $238,7 millionni tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3 barobar koʻpaydi ($89,2 million). Yil oxirigacha ushbu koʻrsatkich $300 milliondan oshishi koʻzda tutilgan.
Ayni paytda eksport geografiyasi bilan birgalikda uning tarkibi ham oʻzgarmoqda. 2022-yil oxirida IT-xizmatlar eksportining 78 foizi AQShga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozirgi taqsimot quyidagicha:
2022-yil oxirida IT-xizmatlar eksportining yarmidan koʻpi BPO xizmatlariga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozirgi taqsimot quyidagicha:
Bunday diversifikatsiya IT sohasiga bir mamlakat yoki bitta yoʻnalishga qaram boʻlmaslik imkonini beradi va dasturiy taʼminot ishlab chiqish yoʻnalishining birinchi oʻrinda turishi mamlakatda yanada koʻproq malakali kadrlar paydo boʻlayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish juda katta imkoniyatlar va salohiyatni ochib beradi, chunki ushbu soha bozori yuzlab milliard dollarga baholanadi.
Infratuzilma va IT-ta’lim
Mamlakatda IT-sanoati va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga yordam beradigan asosiy omillardan biri bu zamonaviy IT-infratuzilmasi va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan sifatli IT-taʼlimdir.
Internetga ulanish qobiliyati muttasil oshib bormoqda va 2023-yilning mart oyiga kelib ushbu koʻrsatkich 3200 Gbit/s ni tashkil etdi va respublika boʻyicha internet qamrovi darajasi 99 foizga yetdi. Foydalanuvchilar soni 31,1 million kishi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston mobil internet narxining arzonligi boʻyicha dunyoda 15-oʻrinni egallaydi.
Mamlakat boʻylab 10 mingdan ortiq maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlangan. “English speaking nation” va “IT nation” loyihalari doirasida respublikada raqamli taʼlim ekotizimi shakllantirildi va bu sizga IT sohasidagi yoʻlingizni maktab paytidanoq boshlash imkonini beradi.
Respublikada 60 ga yaqin IT oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritadi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, uning Oʻzbekiston hududlaridagi oltita filiali, shuningdek, INHA, Amity va boshqa oliy oʻquv yurtlari sunʼiy intellekt, maʼlumotlar fani, axborot xavfsizligi, muhandislik va boshqa sohalarda har yili 29 mingdan ortiq oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlaydi.
Davlat tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar tufayli IT Park rezidentlari hisoblangan xususiy taʼlim muassasalari soni 305 taga yetdi. Ularda 400 dan ortiq taʼlim IT-kurslari mavjud boʻlib, ularni 15 000 dan ortiq kishi tamomlagan. “EPAM Systems” kompaniyasi bilan birgalikda “IT Park University” tashkil etildi va unda 400 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Mamlakatning 36 millionlik aholisining qariyb uchdan ikki qismi 30 yoshgacha boʻlgan, savodxonligi yuqori va xorijiy tillarni biladigan yoshlardir. Masalan, 5 milliondan ortiq yoshlar ingliz tilida gaplashadi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda IT-autsorsing mutaxassislarining oʻrtacha ish haqi $500 dan boshlanadi va bu xalqaro kompaniyalar uchun juda jozibador hisoblanadi.
Do‘stona biznes muhit: davlat va IT Park tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hukumati biznes muhitini yaxshilash va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish maqsadida bir qancha muhim islohotlarni amalga oshirdi. Valyuta bozorini liberallashtirish, soliq islohoti va tadbirkorlik faoliyatidagi tartib-taomillarni soddalashtirish shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, davlat IT-kompaniyalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, IT Park rezidenti maqomi katta soliq imtiyozlarini beradi. Norezidentlar 5-12% miqdorida korporativ soliq toʻlaydi, rezidentlar esa undan ozod qilingan. Norezidentlar uchun ijtimoiy soliq 12%, rezidentlar uchun 0%. Norezidentlar uchun daromad soligʻi 12%, rezidentlar uchun esa 7,5%. Norezidentlar uchun xizmatlar importi uchun QQS mavjud, rezidentlar uchun esa yoʻq.
Bunday sharoitlar tufayli bugungi kunda 1600 ga yaqin kompaniya (ulardan 411 tasi xorijiy kapital ishtirokida), jumladan “East Games”, “iTransition”, “Epam Systems”, “Data Orchestra”, “AER-CA”, “Qulix”, “AMC Bridge” va boshqa yirik tashkilotlar IT Park Uzbekistan rezidenti maqomiga ega boʻlishdi.
Bundan tashqari, IT Park 3 yilgacha boʻlgan muddatga IT-vizalarni taqdim etadi, bu esa Oʻzbekiston fuqarolari bilan bir qatorda davlat muassasalarida tibbiy xizmat va taʼlimni oʻz ichiga olgan toʻliq ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olish imkonini beradi.
IT-vizasini IT sohasidagi investorlar, IT Park rezident kompaniyalari asoschilari va yillik daromadi $30 000 dan ortiq boʻlgan IT-mutaxassislar olishlari mumkin.
Xulosa
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekiston IT-bozori hayratlanarli oʻsish suratlarini qayd etmoqda va sezilarli darajada diversifikatsiya qilinmoqda, bu esa unga barqarorlikni saqlab qolishga yordam beradi. Taʼkidlash joizki, eksportdagi dasturiy taʼminot ishlab chiqish ulushining oʻsib borishi yuqori malakali kadrlar yetishib chiqishi va global IT-bozorda ulkan istiqbollar paydo boʻlishidan dalolat beradi.
Mamlakat IT-infratuzilmasini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash dasturlari, biznesni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va doʻstona biznes muhitini yaratish orqali global IT-sahnasida oʻz mavqeyini mustahkamlashga intilmoqda.
IT Park rezidentlariga taqdim etiladigan soliq imtiyozlari Oʻzbekistonni IT-biznesni rivojlantirish uchun raqobatbardosh davlatga aylantiradi, IT-mutaxassislar IT-vizalar va ijtimoiy imtiyozlarning joriy etilishi esa yangi isteʼdod va investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
Umuman olganda, aytish mumkinki, Oʻzbekiston IT-sohasi jadal oʻsish bosqichida turibdi va, ehtimol, uning bir qismiga aylanish uchun optimal vaqt keldi.
2023-12-12