Oʻzbekiston IT-eksporti: Irlandiya tajribasi misolida global muvaffaqiyat sari yoʻl

Oʻzbekiston IT-xizmatlar va mahsulotlar eksporti hajmini oshirishga intilmoqda. Bu yoʻnalishda mamlakat boshqa davlatlar, jumladan, ushbu sohada dunyo yetakchilaridan biri boʻlgan Irlandiya tajribasini oʻrganmoqda.

21-22 noyabr kunlari Irlandiyaga tashrif doirasida vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi Irlandiya IT-eksportini rivojlantirish tajribasini oʻrganib chiqdi.

“Abtran” va “Ergo Group” kabi eksport kompaniyalari, “Cork Chamber”, “Enterprise Ireland”, “IDA Ireland”, “Skillnet Ireland” va “Saviday” tashkilotlari vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar rivojlanish strategiyalari, hamkorlik yoʻllari, jumladan, qoʻshma loyihalar va hatto yangi tashkilotlar yaratish, shuningdek, mamlakatning IT-eksport hajmini oshirish maqsadida Oʻzbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish kabi masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Irlandiya: global IT-eksportda yetakchilik

Uzoq vaqtdan buyon oʻzini IT-eksport boʻyicha global markaz sifatida koʻrsatib kelayotgan Irlandiya axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishning oʻziga xos usullarini taqdim etdi. Muvaffaqiyatning asosiy elementlaridan baʼzilari ingliz tilidagi muhit, mukammal kommunikatsiyalar, texnologik infratuzilma, malakali ishchi kuchi, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va soliq imtiyozlarini taʼminlaydigan va investitsiyalar oqimini ragʻbatlantiradigan investitsion muhitdir.

Qizigʻi shundaki, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Irlandiya YaIM 2022-yilda $529 milliardga yetgan, shundan $144 milliard esa IT-texnologiyalar eksportiga toʻgʻri keladi. Irlandiyada 5,1 million kishi istiqomat qilishi va aholi jon boshiga YaIM $104 mingni tashkil etishini hisobga olsak, bu juda hayratlanarli.

Taqqoslash uchun, Buyuk Britaniyada aholi jon boshiga YAIM — $54 ming, AQShda — $55 ming, Germaniya va Fransiyada esa — $76 mingni tashkil qiladi.

Irlandiyada IT-eksport sohasida mehnat qiladigan mutaxassislar soni 500 mingdan ortiq boʻlib, bu mamlakat umumiy aholisining deyarli 10 foizini tashkil qiladi.

Qabul qilingan keng qamrovli chora-tadbirlar tufayli “Apple”, “Google”, “Microsoft”, “Dell”, “Meta”, “Amazon Web Services”, “Cisco”, “IBM” va “Intel” kabi global texnologiya gigantlari Irlandiyada joylashib, butun Yevropa Ittifoqiga xizmat koʻrsatmoqda.

“Abtran”, “Ergo Group” va “Skillnet Ireland” kompaniyalari bilan uchrashuvlar

Tashriflar doirasida delegatsiya global autsorsing bozorida oʻzlarini muvaffaqiyatli namoyon etgan “Abtran” va “Ergo Group” kompaniyalari, shuningdek, Irlandiya taʼlim sohasida moliyalashtiruvchi “Skillnet Ireland” tashkiloti bilan strategik uchrashuvlar oʻtkazdi va oʻzbek mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha taʼlim loyihalarini yaratish masalalarini muhokama qilishdi.

1997-yilda tashkil etilgan “Abtran” kompaniyasi hozirda 1600 nafarga yaqin xodimga ega va yillik daromadi qariyb $340 millionni tashkil etadi. Kompaniya boshqaruvchi direktori Cormac Walshe Oʻzbekistonning “Zero Risk”, “Regional HQ” kabi qoʻllab-quvvatlash dasturlari soliq imtiyozlari bilan birgalikda mamlakatni IT-biznes uchun noyob va jozibador qilishini taʼkidladi.

“Ergo Group” kompnaiyasi 1993-yildan buyon IT-xizmatlarini koʻrsatib keladi va yillik daromadi $170 millionni tashkil etadi. Kompaniyaning tijoriy direktori Freyzer Furlong Oʻzbekiston infratuzilmasi va hukumatning IT-eksportni rivojlantirishda koʻrsatayotgan qoʻllab-quvvatlashidan hayratda qoldi.

Delegatsiya “Abtran” va “Ergo Group” kompaniyalari bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi va ularning Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbirida ishtirok etishiga kelishib oldi. 2024-yilning birinchi choragida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu tadbir ularga biznes muhiti bilan yaqindan tanishish va mamlakatimizda oʻz vakolatxonasini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqish imkonini beradi.

“Cork Chamber”, “Enterprise Ireland”, “IDA Ireland” kompaniyalarining qoʻllab-quvvatlash ekotizimlari

“Cork Chamber”, “Enterprise Ireland” va “IDA Ireland” kompaniyalari vakillari bilan oʻtkazilgan strategik uchrashuvlar delegatsiyaga FDI kompaniyalari qanday jalb qilinishi va Irlandiyadagi mahalliy eksport kompaniyalari qanday ragʻbatlantirilishi haqida qimmatli maʼlumot berdi. Mamlakat IT-sohasini rivojlantirish uchun moslashuvchan soliq siyosati va taʼlim investitsiyalardan muvaffaqiyatli foydalanmoqda.

“Cork Chamber” kompaniyasining xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Cathal McSweeney bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar “Chambers Ireland” bosh ofisi orqali Oʻzbekiston-Irlandiya qoʻshma Savdo-sanoat palatasini tashkil etish imkoniyatini muhokama qildilar. Bu eksportni rivojlantirish va Irlandiya kompaniyalarini Oʻzbekiston bozorida qoʻllab-quvvatlash platformasiga aylanishi mumkin.

Delegatsiya, shuningdek, “Enterprise Ireland” kompaniyasining raqamli texnologiyalar boʻyicha rahbari David Byrne bilan uchrashdi. Ushrashuvda hamkorlik, jumladan, Oʻzbekiston bozoriga qiziqqan Irlandiya kompaniyalari katalogini yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Irlandiya kompaniyalarining oʻsishini qoʻllab-quvvatlovchi va moliyalashtiradigan “Enterprise Ireland” tashkiloti Irlandiya iqtisodiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi va 200 000 dan ortiq ish oʻrinlarini yaratdi.

“IDA Ireland” kompaniyasining istiqbolli bozorlar boshqarmasi rahbari Ken Whitelaw Oʻzbekistonga yirik IT-kompaniyalarni jalb qilish maqsadida huquqiy tartibga solish, mehnat qonunchiligi, kiberxavfsizlik va intellektual mulk sohasida faol tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.

“IDA Ireland”, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi 1800 dan ortiq kompaniyalarni muvaffaqiyatli jalb qildi va Irlandiyada 300 000 dan ortiq ish oʻrinlarini yaratishga oʻz hissasini qoʻshdi.

“Saviday” kompaniyasi bilan Irlandiya tajribasini oʻrganish

Irlandiya tajribasini oʻrganishda muhim nuqta IT-autsorsing boʻyicha konsalting mutaxassislari hisoblangan “Saveday” kompaniyasi bilan uchrashuv boʻldi. Seminarni “Saviday” kompaniyasi bosh direktori Seán McEllin olib bordi va unda Oʻzbekiston bozoriga global qiziqishni oshirish va mintaqaga xorijiy autsorsing kompaniyalarini jalb etishga qaratilgan takliflar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar mintaqani texnologik kompaniyalar uchun yanada jozibador qilish uchun qonunchilikni takomillashtirish variantlarini koʻrib chiqadilar.

Xulosalar: Oʻzbekiston uchun istiqbollar

Irlandiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar va tajriba almashish natijasida Oʻzbekiston delegatsiyasi IT-eksportni rivojlantirish sohasida qimmatli bilim va noyob tajribaga ega boʻldi. Ushbu bilimlar Oʻzbekistonda IT sohasini strategik rivojlantirishning asosiy tarkibiy qismiga aylanish salohiyatiga ega. Biznes uchun jozibador sharoitlar, innovatsion amaliyotlar va global kompaniyalarning muvaffaqiyatli namunalari, shuningdek, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordam Oʻzbekistonning jahon IT-autsorsing sanoatidagi oʻrnini mustahkamlash uchun ishonchli poydevor yaratadi.

2023-11-27