O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyo bilan raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarligida, IT Park Sirdaryo va Raqamli texnologiyalar vazirligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi vakillari Kuala-Lumpurda O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirgan bir qator kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordilar.

Junzo O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanmoqda va SAP mutaxassislarini izlamoqda

“Junzo” bosh direktori O‘zbekistonning mahalliy bozoriga katta qiziqish bildirdi. U O‘zbekistonda IT-kadrlar tayyorlashning yuqori darajasini ta’kidlab, SAP mutaxassislarini yollashga qiziqish bildirdi. Hozirda mamlakatda ofis ochish ustida ish olib borilmoqda. IT Park vakillari “Junzo” rahbariyatini “Global Business Services Forum” tadbirida ishtirok etishga taklif etdi.

“Junzo” — to‘rtta mamlakatda faoliyat yurituvchi, xodimlarni yollash, IT-autsorsing va konsaltingga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya.

TDCX Inc. O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda kengayish uchun yangi yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqmoqda

TDCX Inc.” kompaniyasi bilan uchrashuv chog‘ida vakillar Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini kengaytirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida O‘zbekistonga qiziqish bildirdi. Ular mamlakatdagi ko‘p tilli kadrlar salohiyatiga, jumladan, fintech, elektron tijorat, o‘yin sanoati va raqamli marketing sohalarida global mijozlarga xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘lgan Yevropa tillarini biladigan mutaxassislar mavjudligiga alohida e’tibor qaratdi.

Kompaniya O‘zbekistonga ishbilarmonlik tashrifi imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda va IT Park bilan potensial mahalliylashtirish va mintaqaviy bozorlarga chiqish bo‘yicha muloqotni davom ettiradi.

“TDCX Inc.” Osiyodagi eng yirik autsorsing xizmat provayderlaridan biri bo‘lib, 34 mamlakatda ofislariga ega. Kompaniya raqamli mijozlar tajribasi, marketing va kontent moderatsiyasi sohalarida xizmat ko‘rsatib, fintech, elektron tijorat, o‘yin sanoati va boshqa sohalardagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

PIKOM va GBS Malaysia bilan hamkorlik: O‘zbekiston Shared Services xaritasida

PIKOM & GBS Malaysia” rahbariyati bilan IT Park vakillari va O‘zbekiston elchixonasining iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchilari ushbu uyushma kompaniyalari, ayniqsa Shared Services biznesidagi kompaniyalar o‘rtasida O‘zbekistonning nufuzini oshirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi.  “PIKOM & GBS Malaysia” vakillari “Global Business Services Forum” tadbirida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston elchixonasi barcha zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

“PIKOM & GBS Malaysia” — Malayziyaning milliy AKT assotsiatsiyasi bo‘lib, mamlakatdagi 80% AKT bozorini qamrab olgan 1 400 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi.

Abundent O‘zbekistonda AI-mahsuloti va akademiyasini yaratishni rejalashtirmoqda

Muzokaralar chog‘ida “Abundent” kompaniyasi bosh direktori mahalliy IT-mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda noldan boshlab istiqbolli sun’iy intellekt mahsulotini yaratish va global bozorlarga chiqish niyatini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, AI-akademiyasini ochish, “Abundent Academy” tomonidan sertifikatlangan ilmiy-tadqiqot (R&D) va ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, hamda sun’iy intellekt sohasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya rahbari iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, “IT Park Ventures” bilan hamkorlikni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

“Abundent” — raqamli transformatsiya, EdTech, DevOps, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va avtomatlashtirish yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Malayziya kompaniyasi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi raqamli sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.

SSOW Malaysia 2025: ilg‘or g‘oyalar va amaliyotlar almashuvi

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan vakillari Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan “Shared Services & Outsourcing Week (SSOW) Malaysia 2025” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir turli mamlakatlardagi shared services, raqamli operatsiyalar va autsorsing yo‘nalishidagi global yetakchilar o‘rtasida g‘oyalar va eng yaxshi amaliyotlar almashinuvi uchun strategik platforma bo‘lib xizmat qildi.

IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning quyidagi imkoniyatlarini taqdim etdi: autsorsing va shared services markazlarini tashkil etish; iqtidorli IT-mutaxassislar zaxirasi; xorijiy kompaniyalar uchun soliq va infratuzilma imtiyozlarini taqdim etish; “Zero Risk” va “OSS” modellari orqali qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish.

IT Park Uzbekistan O‘zbekistonni autsorsing, investitsiyalar va raqamli loyihalarni rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida targ‘ib qilib, Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlaridagi strategik ishtirokini mustahkamlashda davom etmoqda.

2025-05-23