O‘zbekiston-Koreya texnologik hamkorligi: IT Park Uzbekistan Koreyada samarali B2B uchrashuvlarini tashkil etdi

Xalqaro texnologik hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam tashlagan IT Park Uzbekistan Koreyadagi keng qamrovli taqdimot yakunlari boʻyicha Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan bir qator B2B uchrashuvlarini oʻtkazdi. Individual maslahatlashuvlar va tajriba almashish bilan oʻtgan tadbir Oʻzbekistondagi jadal rivojlanayotgan IT-sohasining turli jihatlariga bagʻishlandi.

IT Park vakillari Oʻzbekistonda joylashgan va IT-autsorsingga ixtisoslashgan kompaniyalar haqidagi koʻplab savollarga javob berishdi. Muhokamalarda xodimlarga chet el valyutasida ish haqi toʻlash va import qilinadigan xizmatlarga soliq solish mexanizmlariga eʼtibor qaratilib, soliq imtiyozlarining amaldagi davri taʼkidlandi. Ushbu muloqotlarda Oʻzbekistonda IT-autsorsing sohasining jadal rivoji va uning meʼyoriy-huquqiy bazasini eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, “IT Bilim” ikki mamlakat oʻrtasidagi isteʼdodlar almashinuvini rivojlantirish uchun muhim boʻlgan mavzularga toʻxtalib oʻtdi. Koreya delegatlarining savollari Oʻzbekistondagi ishga qabul qilish jarayonlari, jumladan ishga joylashtirishdan oldin tayyorlash mexanizmlari hamda ishchi kuchini rejalashtirish uchun muhim boʻlgan statistik demografik maʼlumotlarga qaratildi. Bu Oʻzbekistonning boy kadrlar salohiyatidan foydalanishga boʻlgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Maslahatchilar Oʻzbekistondagi operatsion logistika, kompaniya ochish bilan bogʻliq bosqichlar va xarajatlardan tortib, mamlakatning iqtisodiy tuzilmasi va bank tizimining nozik jihatlarigacha boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etdilar. Keyingi muhokamalar Oʻzbekistonda faoliyat yuritishni rejalashtirayotgan xalqaro kompaniyalar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan valyutani repatriatsiya qilish va ish haqini xorijiy valyutada toʻlash tartibini oʻz ichiga oldi.

Ushbu individual maslahatlardan tashqari, IT Parkning oltita rezident kompaniyasi Koreya bozorida oʻz xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻldilar. Ular orasida “SOLIQ SERVISE” DUK, “GIDROMETEOROLOGIYADA AXBOROT TECHNOLOGIYALARINI RIVOJLANTIRISH MARKAZI”, “DESTEC GROUP”, “TECHNOUNIT-GROUP”, “ARSENAL D” va “NNT EXPRESS INC” bor edi. Har bir kompaniya salohiyatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Koreya texnologik ekotizimida oʻz xizmatlarini koʻrsatish yoʻllarini izlash maqsadida noyob takliflarni taqdim etdi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, “GIDROMETEOROLOGIYADA AXBOROT TECHNOLOGIYALARINI RIVOJLANTIRISH MARKAZI” Koreya kompaniyalari bilan yirik meteorologik maʼlumotlarni qayta ishlash va gidrometeorologiya sohasida sunʼiy intellektni joriy etish sohasida kelgusida hamkorlik qilish boʻyicha muvaffaqiyatli muzokaralar olib bordi.

Korporativ IT-xizmatlarga ixtisoslashgan “NNT Express Inc” kompaniyasi Koreyaning “Churcha Global”, “Coconut Silo” va “Eurastech” kabi korxonalari bilan autsorsing xizmatlarini koʻrsatish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha kelishuvlarga erishdi. “Coconut Silo” kompaniyasi bilan sunʼiy intellekt boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

“BDWide” kompaniyasi “Technounit-Group” bilan IT-autsorsing xizmatlarini taqdim etish va Koreyada mavjud buyurtmalarni topishda yordam berish boʻyicha hamkorlik shartnomasini tuzdi.

Bundan tashqari, tadbirga “LG”, “Softbrain”, “Mk soft”, “i2wax”, “M12” va “Bitprom METAWEB” kabi IT Parkning Koreyalik hamkorlari taklif qilindi. Ular Koreya kompaniyalariga Oʻzbekistonda IT-biznes yuritishning afzalliklari haqida maʼlumot berishdi.

Shuningdek, IT Park rezidenti — “DESTEC GROUP” va Koreyaning “FinTech Center Korea”, “FinTech Industry Association” va “DXT&Inc” kabi kompaniyalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Koreya kompaniyalarini IT Park rezidentligiga jalb etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvlarda, shuningdek, yuqori lavozimli xodimlar mavjudligi, yoshlarni oʻqitish va ish bilan taʼminlash imkoniyatlari, startap loyihalar boʻyicha yirik sanoat ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish hamda ishga joylashtirish uchun kadrlar zaxirasi kabi keng qamrovli masalalar muhokama qilindi.

Mazkur B2B uchrashuvlar Oʻzbekiston IT-sohasining imkoniyatlari va ambitsiyalarini namoyish etib, kelgusi hamkorlik uchun yoʻl ochib berdi hamda Oʻzbekiston va Koreya texnologik kompaniyalarining rivojlanishi va xalqaro darajaga chiqishini tezlashtirdi. Oʻzbekiston jahon IT-bozorida muhim ishtirokchi sifatida oʻzini namoyish etishda davom etar ekan, bu kabi hamkorliklar oʻzaro manfaatli texnologik ekotizimni shakllantirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

2024-05-28