O‘zbekiston o‘yin sanoati rivojlanishida yangi bosqich — GameDevHQ Akademiyasining ochilishi

2024-yil 6-dekabrda Markaziy Osiyoda o‘yin industriyasini rivojlantirishga qaratilgan birinchi ixtisoslashgan akademiya — “GameDevHQ Academy”ning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Akademiyaning ochilishi keng ko‘lamli tadbir — “GameDev Meetup” bilan nishonlandi, u ishlab chiquvchilar, dizaynerlar, investorlar va ishqibozlar uchun muhim platformaga aylandi.

“GameDevHQ Academy”ni ishga tushirish tashabbusi O‘zbekistonda o‘yin industriyasi va ijodiy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishning tez sur’atlarda o‘sishi bilan bog‘liq. Akademiya mintaqada faqat o‘yin ishlab chiquvchilarni tayyorlashga yo‘naltirilgan birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi. Bu o‘zbekistonlik dasturchilarga xalqaro darajaga chiqishga yordam beradigan professional muhitni shakllantirishda yangi bosqichdir.

Tantanali ochilish doirasida yetakchi mutaxassislarning mahorat darslari, qimmatbaho sovrinli o‘yin viktorinalari va netvorking sessiyalarini o‘z ichiga olgan “GameDev Meetup” tadbiri o‘tkazildi.

“GameDevHQ” kompaniyasi asoschisi Jonatan Veynberger o‘yin ishlab chiqish sohasidagi global ta’lim tashabbuslarini yaratish tajribasi haqida so‘zladi. “East Games” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Akmal Salixov xorijiy studiyalar bilan hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berdi. “Game Ponds” kompaniyasi bosh direktori Vusal Karimli mintaqada o‘yin industriyasini rivojlantirish imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazdi. Nik Forster xalqaro hamkorlikning muvaffaqiyatli misollarini taqdim etdi. Roy Blekstoun (Patriots Division) moliyalashtirishning birinchi bosqichida 5 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilgan startapni namoyish qildi.

Tadbirda 50 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular Akademiyaning kelajakdagi dasturlari va imkoniyatlari, shuningdek o‘yin industriyasining asosiy tendensiyalari hamda kasbiy rivojlanish vositalari bilan tanishdilar.

2025-yil fevral oyidan boshlab o‘yin industriyasining yetakchi kompaniyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ta’lim dasturlari doirasida o‘qitish uchun birinchi guruhlarni qabul qilish boshlanadi.

“GameDevHQ Academy” akademiyasining ochilishi O‘zbekistonning o‘yin industriyasi xalqaro maydonidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tadbir professionallar va yosh iste’dodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, mamlakatning global o‘yin ishlab chiqarish ekotizimiga integratsiyalashuviga hissa qo‘shadi. Akademiya muvaffaqiyatli startaplarni yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning ijodiy iqtisodiyotini mustahkamlash uchun katalizatorga aylanadi.

O‘zbekistonning GameDev-industriyasi: jadal rivojlanish va yutuqlar

O‘zbekistonda o‘yin industriyasi jadal rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda IT Park Uzbekistan tarkibida MDH, AQSh, Fransiya, Koreya va Yaponiyadan kelgan jamoalarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq o‘yin studiyalari ro‘yxatdan o‘tgan, bu esa sektorning xalqaro xususiyatini va global hamkorlikka ochiqligini ta’kidlaydi.

GameDev sohasining moliyaviy ko‘rsatkichlari hayratlanarli: O‘zbekiston o‘yin industriyasi daromadlarining katta qismi eksport hisobiga shakllanmoqda. O‘yin sektori daromadining 56 foizi MDH, Yevropa, AQSh va Osiyo mamlakatlariga yetkazib berish asosiy yo‘nalishlari bilan xorijiy bozorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Muvaffaqiyatli misollar orasida xalqaro bozorlarda barqaror faoliyat yuritayotgan “East Games” AAA-studiyasi va mobil o‘yinlari butun dunyo bo‘ylab 10 million martadan ortiq yuklab olingan Fransiyaning “Amaya Soft” studiyasini alohida ta’kidlash mumkin.

O‘zbekiston, shuningdek, 15 000 nafardan ortiq ishtirokchidan iborat ijodiy hamjamiyatni faol rivojlantirmoqda. O‘yinlar va art ishlab chiqish sohasida 1500 dan ziyod mutaxassis faoliyat yuritmoqda va “GameDevHQ” hamda “Xsolla Global Academy” kabi xalqaro akademiyalar yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda asosiy rol o‘ynamoqda.

Sanoat zamonaviy infratuzilma bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda: ishlab chiquvchilar “AloqaBank” orqali internet-ekvayring payplayn tizimi yordamida “Google Play”, “App Store” va “Steam” kabi global platformalarga kirish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, mamlakatimizda har yili 20 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, bu tajriba almashish va xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

2024-12-06